Befarqlik ortidagi illatlar

Ularning yarmi yirtilgan, shamolda hilpiraydi. Achinarlisi, har bir bekatning yonida e’lonlar taxtasi va chiqindi qutisi mavjud. E’lonlar taxtasi esa bo‘m-bo‘sh. Ko‘z oldingizda yoshgina o‘spirin e’lon yozilgan varag‘ini bekatga yopishtirdi. Siz esa jim. Faqatgina e’longa qiziqib, uning mazmuni bilan tanishasiz. "Yuzingizdagi husnbuzarlarni yo‘qotamiz". Ammo xizmat faoliyati borasidagi litsenziya raqami yoxud manzili yozilmagan. Telefon raqami bor, xolos. E’lon mazmuni bilan qiziqamiz-u, ammo nega e’lonlar taxtasiga emas, oynaband bekatga yopishtirilgani bilan ishimiz yo‘q. 

Bayram oldidan ko‘chadagi yo‘laklar chetidagi beton to‘siqlarni obodonlashtirish xodimlari ohaklab chiqishadi. Biz esa go‘yo ularni ko‘rmagandek, oyog‘imiz bilan bosib, ularning mehnatiga hurmatsizlik qilamiz. O‘zimiz yilda bir-ikki bor mahallamizda uyushtiriladigan hasharga chiqib, xonadonimiz atrofini tozalashga vaqt topa olmaymiz. 
Ba’zan mana shunday befarqligimiz sabab jamiyatdagi ayrim illatlar ildiz otyapti. Achinarlisi, bu kabi salbiy holatlar farzandlarimiz tarbiyasida ham namoyon bo‘ladi. Yaqinda ta’mirdan chiqqan hovli devoriga ajnabiy so‘zlar bilan dil izhorini yozib, jamoat joylariga pistayu sigareta qoldiqlarini tashlab ketayotgan yoshlar madaniyati bizning befarqligimiz oqibatida shakllanmayaptimi? 

– O‘tgan yili biz yashayotgan hudud atrofini obodonlashtirish maqsadida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan ko‘p qavatli uylarimiz oldi tekislanib, gulzorlar uchun joylar ajratildi. O‘rindiqlar o‘rnatildi, – deydi Samarqand shahridagi Kimyogarlar shaharchasining Darg‘om mahallasi faoli Gulshod Safarova. – Biz ham mahalladoshlarimiz bilan kelishib, bo‘sh turgan joylarga gullar ekib, hududimizni ko‘kalamzorlashtirmoqchi bo‘ldik. Ammo ba’zi bir o‘zbilarmon qo‘shnilar tufayli bu joy bolalar maydonchasi, deya qum to‘kildi-yu, mashinalar turarjoyiga aylandi. Chiqindilarni ota-onalar 4-5 yashar bolalardan berib yuborishadi. Ular esa duch kelgan joyga tashlab ketadi. Bunyodkorlik ishlarida hammamizning hissamiz bo‘lishi kerak emasmi?

"Suyunchi" filmini har gal tomosha qilganda bugungi hayotimizga doir ibratli jihatlar ko‘zga ko‘rinaveradi. Masalan, oldinlari mahallalarda Anzirat buviga o‘xshash qishloq uchun, uning aholisi uchun jon kuydiradigan qishloqning vijdonlari bo‘lgan. Ularning har bir gapi qat’iy qoida hisoblangan. Jamoatchilik nazoratini ham, jamoatchilik ishlarini ham mahalla faollari bilan bamaslahat, hamkorlikda amalga oshirgan. Hatto mahallaning bolalarini ham to‘g‘ri yo‘lga solib, tarbiyalagan. 
Hozir mahallalarimizga mana shunday mahalla vijdonlari yetishmayotgandek. 

Nasiba JONTO‘RAYeVA.