Behzod Musayev Saudiya elchisi bilan bandlik va ikki mamlakat o‘rtasida yangi aviareyslar yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev va Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi o‘rtasidagi uchrashuvda 4 sentyabrdan o‘zbekistonlik Umra ziyoratiga boruvchilar uchun Saudiya Arabistoni tomonidan ham yangi reyslar amalga oshirilishi ma’lum qilingan. Shuningdek, Podshohlik vakili Saudiyada O‘zbekistondan haydovchilar va qurbonlik marosimlari o‘tkazish uchun qassoblarga ehtiyoj kattaligini ma’lum qilgan.

Vazirlik xabariga ko‘ra, uchrashuvda ikki davlat hukumatlari o‘rtasida 2022 yilning 17 avgust kuni Jidda shahrida imzolangan “Ishchilarni yollash sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim”ni samarali amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistondan Haj va Umra ziyoratiga boruvchilar soni keskin ortayotgani mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotganini namoyon qiladi.

Uchrashuvda yuqorida qayd etilgan bitimga muvofiq, Podshohlik tarafidan Ish beruvchilarning imkoniyatlari va talablarini o‘rganib chiqish maqsadida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning tasarrufidagi Mehnat migratsiyasi agentligi mas’ullaridan iborat Texnik qo‘mita tuzilib, tez fursatda faoliyatini boshlash borasida kelishib olingan.

 

Shuningdek, Saudiya Arabistoni ish beruvchilari va rekruting kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish maqsadga muvofiq ekani aytilgan.