Bektemir Meliqo‘ziyev «WBA Continental Americas» kamari sohibi bo‘ldi

Mashhur bokschi, bir necha karra jahon chempioni, hozirda Golden Boy Promotions’ning egasi Oskar De La Xoyya bilan hamkorlikda mashg‘ulot olib borayotgan o‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritib, yangi kamar sohibiga aylandi.  

Professional boksning super o‘rta (-76,2 kg) vazn toifasida ringga chiqqan Bektemir jangni AQShning Kaliforniya shtatida amerikalik Aleksander Vauginga qarshi o‘tkazdi.

Olimpiada va jahon chempionatlari sovrindori, Osiyo chempioni bo‘lgan bokschimiz raqibi ustidan g‘alaba qozonish qiyin bo‘lmadi. U 10 raundlik jang yakunida hakamlar qarori bilan (100:90, 100:90, 100:90 )hisoblarida ustun kelib, «WBA Continental Americas» kamari sohibiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, B.Meliqo‘ziyev 2 noyabr kuni amerikalik Kley Kollardni (4-2-3, 1 KO) to‘rtinchi raundda texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgandi.