Belarusning Grodno shahrida muxolifat “qora ro‘yxat”ida bo‘lgan militsiya xodimining avtomobili portlatib yuborildi

Belarusning Grodno shahrida noma’lum shaxslar tomonidan militsiya xodimi avtomobili portlatib yuborildi. Avtomobil egasining so‘zlariga ko‘ra, uning shaxsiy ma’lumotlari bir muddat ilgari “radikal Telegram kanallaridan birida” oshkor etilgan. Bu haqda 20 noyabr kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.

Voqea 20 noyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar xodimlari hamkasbiga tegishli bo‘lgan “Shkoda” avtomobili va uning yonidagi yana uchta avtomobilning jiddiy shikastlanganiga guvoh bo‘lishgan.

“Bevosita avtomobil yonida alanga izlari bor edi. Avtotransport vositasining old qismiga shikast yetishi shaklidagi portlash belgilari aniqlandi”, deyilgan huquqni muhofaza qilish organining Telegram kanalida.

Mol-mulkka qasddan umumiy xavfli tarzda zarar yetkazish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari voqea joyini ko‘zdan kechirishdi, guvohlardan ko‘rsatmalar olindi, bundan tashqari, kuzatuv kameralaridagi yozuvlar o‘rganilmoqda.

Belarusda uch oydan ortiq vaqt davomida norozilik namoyishlari to‘xtamayapti. Namoyishlar mamlakatning prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlandi. Belarus markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovlarda mamlakatning amaldagi prezidenti Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozongan. Biroq saylov natijalaridan norozi bo‘lgan aholi saylov natijalarini bekor qilishni talab qilmoqda.