Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Beparvolik va loqaydlik egotsentrizmga yo‘l ochadi

 Lekin oshkora ko‘zga tashlanmaydigan, ma’naviy hayotimizni izdan chiqarishga qaratilgan jiddiy xatarlar ham borki, ular yuqoridagi ofatlarning kelib chiqishiga zamin yaratadi. Bular Farb olamida keng tarqalgan egotsentrizm va erkinlik niqobidagi axloqsizlik falsafasidir.

"Menga nima", deb qarash, loqaydlik, bepisandlik, o‘zini, o‘z manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yish, xudbinlik, shuhratparastlik, kibr, mahmadonalik, tajanglik, birovni eshita bilmaslik, xatosini tan olmaslik, sovuqqonlik, tanqidga chidamsizlik – egotsentrizm dardiga duchor bo‘lgan odamning belgilaridir. 
Xo‘sh, odam qanday qilib egotsentrist bo‘lib qoladi? Bunga avvalo, ota-ona aybdor hisoblanadi. Bolasining jamiyatda hammadan birinchi bo‘lishini turli yo‘llar bilan ta’minlashi, har bir istagini, so‘ragan narsalarini ortig‘i bilan bajarishi bolalarning ichki "men"i shakllanishiga sabab bo‘ladi. 

Bola bog‘chaga boradi. O‘zidek bolalar bilan ilk uchrashuv. Boshqalardan ota-onasidek g‘amxo‘rlikni kutadi. Ko‘rmagach, talab qiladi. Maktabda muomala, murosa, burchni bilmaydi, mas’uliyatsiz. Jon kuydirmaydi. Ota-ona ham buni qo‘llab-quvvatlaydi. U katta bo‘ladi. Unga qo‘shilib talablari, ishyoqmaslik, mas’uliyatsizlik, boshqalarga iddaolari, illatlari ham "voyaga yetadi". Kuchga kiradi.
Ota-onaning, kishilarning loqaydligi, beparvoligi jamiyatdan, hayotdan asossiz norozi egotsentristlarni paydo qiladi. Ma’naviy qarovsizlik, burchsizlik o‘smirni giyohvandlarga, jinoyatchilarga, kim mo‘may pul va’da qilsa, o‘shalarga topshiradi. Jamiyatdagi jirkanch illatlarning ildiz otishiga zamin yaratadi.

Fazilat JOMONQULOVA,
SamISI o‘qituvchisi.