Besh nafar hokim va o‘rinbosariga intizomiy chora ko‘rildi

397 banddan iborat 628 ta topshiriq Prezidentimizning 2017 yil va 2018 yilning 17-18 mart kunlari viloyatimizga tashriflari davomida berilgan bo‘lib, 2018 yil 1 noyabr holatida ijro muddati kelgan 419 ta topshiriqlardan 409 tasining bajarilishi ta’minlangan.

Ijro muddati yaqinlashayotgan topshiriqlar bo‘yicha mutasaddi tashkilot va muassasa rahbarlariga doimiy ravishda eslatma va ogohlantiruv xatlari yuborilib, ularning mas’uliyatini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Bevosita viloyat prokuraturasi tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam jarayonida ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlashga 2 mlrd. so‘m, davlat-xususiy sherikchilik shaklidagi maktabgacha ta’lim muassasasalarini tashkil etishga 3,05 mlrd. so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari va yer maydonlari ajratilishiga ko‘maklashildi.

Ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan “Sahovat” va “Muruvvat” internat uylarini ta’mirlash 2018 yil investitsiya dasturiga kiritilishi ta’minlandi.

Ko‘plab biznes-loyihalar kommunikatsiya tarmoqlariga ulab berildi, ob’yektlarni o‘z vaqtida ishga tushirish maqsadida kommunal soha korxonalari tomonidan tizimga ulash xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risida taklif xatlari yuborish tartibi yo‘lga qo‘yildi.

Topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatning Samarqand shahar, Bulung‘ur, Jomboy, Urgut, Tayloq, Samarqand, Oqdaryo, Ishtixon, Payariq tumanlariga borilib, amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada Urgut tumanidagi «Bog‘ishamol» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga 263 mln. so‘m, Bulung‘ur tumanidagi  «Marhabo Jo‘shqin» va «Bilag‘on» maktabgacha ta’lim muassasalariga 650 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.  Bulung‘ur tumanidagi Fozil Yo‘ldosh ko‘chasida 700 metr, Do‘stlik ko‘chasida 291 metr asfalt qoplama yotqizildi, “O‘ztransgaz” viloyat filialidan 350 nafar fuqaroga suyultirilgan gaz balonlari yetkazib berildi va boshqa tadbirlar amalga oshirilib, tashrif bayonlariga kiritilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, avtomobil yo‘llari, o‘quv muassasalarini rekonstruksiya qilishga doir 10 ta topshiriqning ijrosi ta’minlandi.  

Biroq, ayrim hollarda topshiriqlar ijrosiga mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar va mutaxassislar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni belgilangan muddatlarda, sifatli bajarilishiga e’tiborsizlik bilan qaraganliklari oqibatida ijro intizomi buzilishi hamda rejalashtirilgan tadbirlarning amalga oshirilishi kechikishiga yo‘l qo‘yilgan.  

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi qaroriga asosan “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan mahallalarga tutash 53 km. yo‘llarni ta’mirlash joriy yilning 1 oktyabriga qadar yakunlanishi lozim edi. Ammo ushbu topshiriq ijrosiga Samarqand, Urgut, Narpay, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot va Ishtixon tumanlari yo‘llardan foydalanish unitar korxonalari rahbarlari mas’uliyatsizlik bilan yondashgani oqibatida belgilangan ishlar o‘z muddatida bajarilmadi. Natijada ularga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ishlar qo‘zg‘atildi.

Prezident hujjatlari va topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarmagan 5 nafar tuman hokimlari va o‘rinbosarlari, shuningdek, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Maktabgacha ta’lim, “O‘zbekenergo”, “Suvoqova”, Bandlikka ko‘maklashish, Sog‘liqni saqlash va  O‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari, tijorat banklarining viloyat va tuman hududiy bo‘limlari, Hunarmandlar uyushmasi, Irrigatsiya tarmog‘ining rahbar va mas’ul xodimlari, jami 58 nafar mansabdor shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi. 17 nafariga qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantiruvlar e’lon qilinib, qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida viloyat hokimiga taqdimnoma kiritildi.

Shu o‘rinda ayrim mansabdor shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 oktyabrdagi “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablarini eslatib qo‘yishni joiz deb bilamiz. Mazkur qaror talablariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlariga vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlarining samarali ijro etilishi yuzasidan tegishli prokuror nazoratini ta’minlash hamda ularni to‘liq bo‘lmagan holda va kechiktirib bajargan shaxslarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralari ko‘rilishi belgilangan.

M.BAXRITDINOV, viloyat prokuraturasi bo‘limi boshlig‘i.