Besh qavatli binoga teng, poyezddan tez: “Ginnesning rekordlar kitobi”dan joy olgan ajoyib baliqlar haqida
Bilasizmi, “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kirgan yutuqlarda suv osti hayotiga tegishlilari juda ko‘p. Bugun qaysi baliq poyezd yurishidan tez suza olishi mumkinligi, qaysisi esa 300 yildan ortiq yashashini bilib olamiz. Bu rekordchi baliqlar tanlovi sizni hayratda qoldiradi.
Eng yirik baliq
Bugungi kunda mavjud bo‘lgan eng katta baliq Hind okeanida topilgan kit akulasidir. Hajmi bo‘yicha bu baliq haqiqatan ham katta kitlardan qolishmaydi. Bu akulalar odam uchun xavfli emas, kitlar singari ular ham dengiz va daryolarda yashaydigan, suv oqimi bilan harakat qiluvchi hayvonlar va o‘simliklardan iborat organizmlar - planktonlar bilan oziqlanadi.
Xo‘sh, kitobdagi nusxa qanchalik katta ekan? Odatda kit akulalarining uzunligi 7-9 metrga yetadi. “Rekordlar kitobi”dagisining uzunligi esa 18,8 metr! Bu esa 5 qavatli binoning balandligidan ham ko‘proq.
Eng mitti baliq
Bu baliq ham ajoyib rekord egasi: Panama fotokorina balig‘i tabiatdagi eng mitti baliq bo‘lib chiqdi. Bu g‘alati mavjudotlar quyosh nuri kirmaydigan 1000 metrdan past chuqurliklarda yashaydi. U baliqchilar u yoqda tursin, hatto tajribali tadqiqotchilarga ham har doim uchrayvermaydi.
Eng kichik fotokorinaning uzunligi atigi 6,2 millimetrga teng. Ha, bunday baliqdan to‘yib ovqatlanib bo‘lmaydi, axir u tom ma’noda kishi tirnog‘idan ham kichik keladi.
Eng chaqqon baliq
“Ginnesning rekordlar kitobi”ga kirgan eng shoshqaloq baliq bu “Yelkanli qayiq”dir. Uzunligi 3 metrga, og‘irligi esa 100 kilogramga yetadigan bu baliqning tezlik oshirishi juda hayratlanarli. Tabiat uning tanasi shaklini juda silliq qilib yaratgan.
Inson tomonidan ushbu baliqning qayd etilgan maksimal suzib yurish tezligi soatiga 109 kilometrga yetgan. Tasavvur qiling-a, “Yelkanli qayiq” tezligi odatda soatiga 80 kilometrdan oshmaydigan metro poyezdlarini orqada qoldirib suzadi.
Eng uzoq umr ko‘radigan baliq
Rekordlar kitobidan joy olgan ajoyib baliqlar tanlovini butun suv osti dunyosining haqiqiy katta-katta-katta... "buvi"si bilan yakunlaymiz.
Fanga ma’lum bo‘lgan eng uzoq umr ko‘radigan baliq (va umuman olganda eng qadimgi umurtqali hayvonlardan biri) Grenlandiya qutb akulasidir. Bu akulalar Shimoliy Atlantikaning sovuq suvlarida duch kelgan hamma narsani yeb ketadi.
Qadimiy baliqlar jinsiy erkinlikka faqat (o‘ylab ko‘ring-a!) 150 yoshda erishadi. Olimlar 2016 yilda 392 yoshda bo‘lgan akulani uchratishganida juda hayratlanishdi. Aqlga sig‘maydi: baliq Yevropa o‘ttiz yillik urushini qamrab olgan davrda, yevropalik sayyoh ziyoratchilar Shimoliy Amerikaga endigina joylasha boshlagan paytda tug‘ilgan ekan.
Qaysi baliq sizga juda ham hayratlanarli tuyuldi?
B.Muhammadiyeva tayyorladi.