Beshinchi kun: Marokashda quduqqa tushib ketgan bolani qutqarishga harakat davom etmoqda

Mana besh kundirki, Marokashning Shefshaen provinsiyasida 35 metrli quduqqa tushib ketgan besh yoshli Rayyanni qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Bolaga kislorod, suv, oziq-ovqat va kuzatuv kamerasi tushirildi, deb xabar beradi Sky News.

Bola tor quduq yonida o‘ynayotganida tushib ketgan. 

Qutqaruvchilar teshik qazishmoqda va bir necha kunlik ishlardan keyin bolaga atigi uch metr qolgan. Biroq, ko‘chki xavfi tufayli quduqqa parallel ravishda yana bir teshik kovlash kerak.

Yiqilish paytidagi zarbalar va boshqa kechinmalardan so‘ng quduqqa tushirilgan kamera tasvirlari bolaning hushida ekanligini ko‘rsatdi.

Hodisa joyida politsiya va favqulodda xizmat vakillari, qutqaruvchilar kunu tun harakat qilishmoqda. Quduqdan olib chiqilishi bilan uni kasalxonaga yetkazish uchun voqea joyida vertolyot shay turibdi.