Beshinchi qavatdan tushib ketib, omon qolgan bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Joriy yilning 14 yanvar kuni soat 16:00 atrofida Toshkent shahri Olmazor tumani 3-Beruniy dahasidagi besh qavatli uyning beshinchi qavatida uch yosh 11 oylik bola osilib qolgani va pastga tushib ketgani aks etgan videoxabar yuzasidan avval ma’lumot bergan edik.
Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylangan ushbu jarayonda bola uyda yolg‘iz qolganligi sababli o‘ynab, derazadan chiqib ketgan. Lekin u aholi tomonidan, pastda adyol tutib ushlab qolingan.
Bugun Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi bolalar majmuasida malakali shifokorlar tomonidan beshinchi qavatdan tushib ketgan bola takroriy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, bola og‘ir jarohat olmaganligi va ahvoli yaxshi ekani yana bir bor tasdiqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matubot xizmati xabar berdi.
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
– Ushbu kutilmagan holatdan hali ham shokdaman, – deydi bolaning onasi. – Farzandim shamollagani uchun bir muddatga uyda qoldirib, boshqa bolamni maktabdan olib kelish uchun chiqqandim. Shu orada, falokat oyoq ostida deganlaridek, bu voqea bo‘lib turibdi. Qo‘shnilar va shifokorlardan bolamning hayotini asrab qolishdagi beminnat yordami uchun behad minnatdorman.