Bibixonim bunyodkor malika bo‘lgan
Tyemuriylar xonadoniga mansub malikalar haqida gap ketar ekan, Amir Temurning umr yo‘ldoshi, o‘zining yuksak idroki, farosati, aql-zakovati, husni-malohati bilan Sohibqironning alohida hurmatiga sazovor bo‘lgan, uning tomonidan «Kattaxonim» yoki «Bibixonim» unvoniga loyiq ko‘rilgan Saroymulk xonimning nomi alohida tilga olinadi.
Saroymulk xonim Chig‘atoy ulusiga mansub mo‘g‘ul xonlaridan Qozonxonning qizi bo‘lib, 1341 yilda tug‘ilgan. Qozonxon taxtdan mahrum bo‘lib, qatl etilgan chog‘da Saroymulk xonim endi besh yoshda edi. U balog‘atga yetgach, 1355 yilda Movarounnahr hukmdori Amir Qozoniyning nabirasi Amir Husayn uni o‘z nikohiga oladi. 1370 yilda Sohibqiron Amir Temur bilan kechgan janglardan birida Amir Husayn mag‘lubiyatga uchrab, qatl etilgach, Movarounnahr taxtini Amir Temur egallaydi. U Amir Husaynning xotinlaridan to‘rttasini o‘z nikohiga oladi, ularning orasida Saroymulk xonim ham bor edi. Amir Temur Saroymulk xonimni o‘z nikohiga kiritgach, Ko‘ragon (xonning kuyovi) unvoniga sazovor bo‘ladi.
Amir Temurning Saroymulk xonimga bo‘lgan e’tibor va muhabbati tufayli u saroyda yuksak martabaga erishadi. U davlatning siyosiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etadi va dono maslahatchiga aylanadi. Amir Temur unga shahzodalar tarbiyasini ham ishonib topshiradi.
U Amir Temurdan ruxsat so‘rab, bir madrasa barpo etishga kirishadi, mashhur me’mor va naqqoshlarni jalb qiladi. Bu madrasa Madrasai Xonim nomi bilan shuhrat qozongan.
Madrasa 500 yildan ko‘proq vaqtdan buyon tarixiy va ilmiy asarlarda tilga olinadi, u haqda turlicha fikr-mulohazalar bayon etiladi: ba’zilar shunday madrasa bor edi, deyishsa, boshqalar uning bo‘lganligini shubha ostiga oladi yoki bu haqda biron ma’lumot keltirmaydi.
XV asr va undan keyingi davrlarda yaratilgan tarixiy hamda esdalik asarlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularda Bibixonim madrasasi - Madrasai Xonim haqida qiziq ma’lumotlarga duch kelamiz. Jumladan, Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma» asarida Amir Temur qurdirgan jome masjidi tilga olinib, uning tasviri keltiriladi-yu Bibixonim madrasasi haqida biror ma’lumot berilmaydi. XV asrning 20-40 yillarida yuqorida eslatilgan asardan foydalanib yozilgan Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» va mavlono Fasih Havofiyning «Mujmali Fasihiy» asarida jome masjid bilan birga Madrasai Xonim ham tilga olinadi va u bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim ma’lumotlar keltiriladi. Bunday ma’lumot 1403-1406 yillarda Samarqandda bo‘lgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning mashhur kundaligida ham mavjud.
Klavixo masjid qurilishi bilan bog‘liq quyidagi ma’lumotni keltiradi: «Podshoh farmoyishi bilan xotini Kanyo (Saroymulk xonim) Bibixonimning volidasi sha’niga quriladigan masjid shahardagi eng muhim bino bo‘lishi lozim edi. Qurib bitkazilgan masjidni ko‘rgan podshoh oldingi devorning pastqam qilib qurilganidan norozi bo‘ldi va uni buzishni buyurdi. Ishni tezlashtirish uchun podshoh qurilishning bir qismi ustidan shaxsan o‘zi nazorat qilishini aytib, ikkinchi yarmi ustidan nazoratni o‘z a’yonlariga topshirdi.
Amir Temur 1399 yil 29 aprel kuni Hindiston yurishidan Samarqandga qaytib keladi. U Hindistonda “Mundin salomat qaytib Samarqandga borsam, anda masjidi jome solg‘ayman", degan niyatni diliga tukkan edi. Darhaqiqat, Bobur aytganidek, Ohanin darvozasiga yaqin yerda jome masjid binosiga tamal toshi qo‘yadilar. Bu kun sanasi 1399 yil 11 mayga to‘g‘ri keladi. Masjid qurilishini shaxsan Amir Temurning o‘zi nazorat qilib turadi. Davlat ishlarini esa Bibixonim madrasasidan turib bajaradi. Ammo davlatning g‘arbiy hududlarida yuzaga kelgan vaziyat tufayli yana safarga otlanadi.
Qurilish ishlari Sohibqironsiz va uning nazoratisiz davom ettiriladi. 1404 yilda besh yillik yurishdan keyin Samarqandga qaytgan Amir Temur masjidni ko‘rgach, ko‘ngli to‘lmaydi, chunki masjidni darvozasi uning qarshisidagi Bibixonim madrasasi darvozasidan ancha past bo‘lgan edi.
Ammo XV asr manbalarida bu imoratningbevosita vazifasiga kiradigan faoliyati haqidagi, ya’ni madrasa sifatida uning tolibi ilmlari, darso‘tgan mudarrislari va shunga o‘xshash masalalarhaqida hech qanday ma’lumot uchramaydi.
Endi Saroymulk xonim madrasasining keyingi taqdiri haqida ayrim ma’lumotlarni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Amir Temurning jome masjididan ham hashamatliroq, me’morchilik va naqqoshlik nuqtai nazaridan undan ustunlik qiluvchi Madrasai Xonimning o‘z vaqtida tezkorlik bilan, shoshilinch tarzda bino etilishi uning ko‘p o‘tmay xarobaga aylanishiga olib kelgan.
Saroymulk xonim madrasasining keyingi davrdagi taqdiri haqida ko‘plab tarixchi olimlar qatori L.Mankovskaya «Bibixonim madrasasi XVII asr oxirlarida Buxoro amiri Abdullaxon II ning buyrug‘iga binoan tag-tugi bilan buzib tashlandi», degan fikrni bildirdigan. Ammo ba’zi manbalarga asoslanib, Saroymulk xonim madrasasi XVII asr oxirida Abdullaxon II ning buyrug‘iga binoan tag-tugi bilan buzib tashlandi, degan fikrga tahrir kiritgan ma’qul. Keyinchalik Saroymulk xonim madrasasi taqdirida fojia yuz beradi: XVIII asrda va undan keyingi davrda yozilgan kitoblarda bu madrasa tilga olinmaydi. Jumladan, 1834 yili Abul Tohirxo‘ja tomonidan yaratilgan Samarqand va uning yodgorliklariga doir «Samariya» kitobida Amir Temurning jome masjidi, Mirzo Ulug‘bek, Tillakori madrasalari va boshqa obidalar tilga olinsa-da, ammo Saroymulk xonim madrasasi biron joyda eslanmagan.
Demak, bu vaqtda madrasa tag-tugi bilan buzilgan ko‘rinadi. Ko‘plab tarixiy manbalarda XVII asrning o‘rtalari va ikkinchi yarmida Movarounnahr, jumladan, Samarqandda katta fatarot (xarobalik)yuz berganligi tilga olinadi. XVII asrning boshlarida ancha xarob holga kelib qolgan Saroymulk xonim madrasasi ana shu vaqtda butunlay vayron bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Saroymulk xonim madrasasi ichida qurilgan xonaqohda onasining va temuriylar sulolasidan bo‘lgan boshqa ayollarning maqbarasi bo‘lishi maqsad qilinganligi haqidagi taxminlar ham mavjud. Bir vaqtlar g‘oyat katta bo‘lgan bu maqbara tarixda «Bibixonim maqbarasi» nomi bilan ma’lum bo‘lgan. Maqbaraning saqlanib qolgan qismi sakkiz qirrali bino bo‘lib, uning tagidagi sag‘anada tosh tobut qilingan. 1941 yilda olimlar, arxeologlar va antropologlardan iborat maxsus komissiya tobutni ochib ko‘rdilar. Mashhur olim M.Gerasimov unda yosh bir ayolning jasadi ko‘milganini aniqladi. Ammo uning shaxsi aniqlanmadi.
Hozirgi kunda arxeologlar Bibixonim madrasasining tag devor qismini aniqladi, uningo‘rta qismida joylashgan Bibixonim maqbarasi esa ziyoratgohga aylantirilgan.
Aytmoqchimizki, o‘sha vaqtlarda bino etilgan imoratlar kimning nomi bilan atalishidan qat’i nazar, ular ijodkor me’mor, donishmand muhandis, mohir naqqosh, sinchkov xattot, matonatli toshyo‘narlarning mehnati tufayli yaratilgan. Ana shu ijodkorlar uyg‘unlik va mutanosiblik, go‘zallik va mo‘’jiza qonuniyatlari asosida halol mehnat qilib,