Bino 40 foizga arzonlashtirilgan, nega unda haligacha xaridor yo‘q?

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning Samarqand viloyati hududiy  boshqarmasi tomonidan Samarqand shahri, Urgut va Oqdaryo tumanlaridagi davlat mulkini xususiylashtirish, sarmoya kiritish, investitsiyaviy majburiyatlarni bajarish, investorlarning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan masalalarga yechim topishga bag‘ishlangan press-tur uyushtirildi.

Tadbir qatnashchilari dastlab “Samarqanddon mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Avval to‘liq davlat tasarrufida bo‘lgan korxonalarda davlat ulushini kamaytirishga qaratilgan dasturlar asosida bu kabi korxonalar aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi. Korxonadagi modernizatsiya jarayonlari tufayli Turkiyadan 1,7 million dollarlik zamonaviy uskunalar keltirilib joriy yil boshidan kuniga 150 tonna yuqori sifatli un mahsulotlari tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Tejamkor uskunalar tufayli elektr energiyasidan 40 foizgacha mablag‘ iqtisod qilinmoqda. Buning natijasida korxona 2019 yilda 11 milliard so‘m daromad olgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida daromadlar salmog‘i 6 milliard so‘mdan ortdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda davlat ishtirokidagi 9 ta aksiyadorlik jamiyati, 79 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat va 107 ta davlat unitar korxonasi faoliyat yuritmoqda.

– Yil boshidan buyon ye-ijro auksion savdo maydonchasi orqali 49 ta ob’yekt sotildi, yana 12 ob’yekt savdoga qo‘yilgan, 20 ta bino esa savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan, – deydi davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abduvohid Yangiboyev. – Hozirda boshqarmamiz tomonidan 100 milliard so‘m va 210 million dollar sarmoya kiritib, 2800 dan ortiq yangi ish o‘rni rejalashtirilgan 77 ta ob’yekt bo‘yicha nazorat ishlari olib borilmoqda. 2020 yilda 24 ta ob’yektda shartnoma bo‘yicha 45,4 milliard so‘m investitsiya kiritilib, 800 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Ammo bo‘sh turgan va bir necha bor ye-ijro auksion savdo maydonchasiga chiqarilib hozirgacha sotilmayotgan ob’yektlar ham bor. Jumladan, Samarqand shahar Spitamen ko‘chasidagi bino faoliyat turi cheklanmagan holda dastlab 3 milliard 200 million so‘m qiymatda savdoga qo‘yildi, to‘rt muddatdagi savdolarda ham xaridor topilmagach, bino dastlabki narxidan 40 foizga tushirilib, hozirda 1 milliard 968 million so‘m qiymatda qayta sotuvga chiqarildi. 

Press-tur ishtirokchilari Urgut tumanidagi “Urgut Marufhoji” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi.

2017 yilda tibbiyot markazi tashkil etish uchun “nol” xarid qiymatida 23 milliard so‘m sarmoya kiritish va 170 ta ish o‘rni yaratish sharti bilan olingan bino shu kunlarda foydalanishga topshirilish arafasida.

– 2017 yilda ye-ijro auksion savdolarida tibbiyot markazi tashkil etish loyihasi bilan qatnashib g‘olib bo‘ldik, - deydi jamiyat rahbari Bahrom Dodiyev. – Shundan so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat boshqarmasi xodimlari nazoratida ikki qavtli binoning uchinchi qavati va qo‘shimcha bino qurish ishlarini bajardik. Belgilangan muddatda bino tayyor bo‘ldi, lekin pandemiya tufayli foydalanishga topshirish muddati cho‘zildi. Shu bois, yana qo‘shimcha 1 milliard so‘m sarmoya kiritish sharti bilan ishga tushish muddati bir yilga uzaytirildi. Hozirgacha qurilish ishlariga 14 milliard va xorijdan zamonaviy tibbiyot uskunalari keltirish uchun 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Sentyabr oyida markazni foydalanishga topshirish niyatidamiz. Bu yerda barcha turdagi tibbiy tahlillar o‘tkazilishi bilan birga Covid-19  uchun ham test topshirish imkoniyati yaratilmoqda.

Jurnalistlar viloyatdagi investitsiya kiritish sharti bilan berilgan yana boshqa ob’yektlarda ham bo‘ldilar.

O‘tam XUDOYBERDIYeV.