Bir dollarlik firibgar
Pullar paydo bo‘lishi bilan odamlar ularni soxtalashtirishga harakat qilishgan. Qalbaki pul yasovchilarning ba’zilari birinchi bo‘lishi tufayli, boshqalari esa faoliyatining ko‘lami orqali tarixga kirgan. Ammo bir voqea - o‘n yil davomida Amerika politsiyasi uchun jumboq bo‘lib qolgan pul yasovchisi ishi boshqalaridan ajralib turadi.
1929-1933 yillardagi Amerika Qo‘shma Shtatlarida sodir bo‘lgan Buyuk depressiya ko‘plab jinoyatlar uchun turtki bo‘ldi. Odamlar pulga juda muhtoj bo‘lganligi sababli har xil nayranglarni o‘ylab chiqdi: ba’zilari pul qalbakilashtira boshladi, biroq politsiya katta miqdordagi bu banknotlar muomalaga kiritilishidan oldin ularni to‘xtatib qo‘ydi. Shunga qaramasdan, 1938 yilda Nyu-Yorkda uchray boshlagan bir dollarlik soxta pullar huquq-tartibot xodimlarini juda hayratda qoldirdi.
Soxta pullar nihoyatda sifatsiz, yomon qog‘ozda chop etilgan edi, hatto prezident Jorj Vashingtonning familiyasi xato yozilgan bo‘lib prezident o‘ziga o‘xshamasdi. Boshqa soxta pullar bilan solishtirganda, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri kimningdir mazax o‘yiniga o‘xshardi. Politsiya ishini qiyinlashtirgan narsa shu bo‘ldiki, jinoyatchi faqat bir dollarlik banknotlarni soxtalashtirar, sotuvchilar mayda pulga uncha e’tibor bermasdan uni olib qo‘yar va xaridorlarning qaysi biri bu kupyurani berganini eslab qolmagan bo‘lib chiqardi. Ikkinchidan, soxta pullar har bir do‘konda faqat bir marta, bir nusxada berilardi. Xaritada bu pullar topilgan joylarning tobora yangi belgilari paydo bo‘la boshladi, lekin tergovga buning foydasi tegmadi. Sirli soxta pul yasovchisiga “Janob 880” laqabi berildi, politsiya unga nisbatan 880-sonli jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Jinoyatchi esa o‘z uslubini o‘zgartirmadi, u o‘sha jirkanch sifatli bir dollarlik pullarini yaratib, yangi joylarga “ekib” ketaverardi.
Oradan 10 yil o‘tdi, 880-sonli ish tergovchilarni umidsizlik azobiga tushirib qo‘ygan edi, lekin 1948 yilda Brodvey va 96-ko‘cha burchagidagi binoda sodir bo‘lgan yong‘in bu ishning ochilishiga yordam berdi. Yong‘in paytida o‘t o‘chiruvchilar xonadon egalarining ashyolarini derazadan uloqtirishdi. Derazalar ostida qolgan lash-lushlar qiziquvchan bolakaylar e’tiborini tortdi. Kattalar bolalarning u yerda topilgan bir uyum bir dollarlik pullar bilan o‘ynab yurganining guvohi bo‘lishdi. Banknotalar politsiyaga topshirildi, u yerdagilar “Wahsington” yozuvi tushirilgan o‘sha qalbaki dollarlarni tanib, hayron qolishdi. Politsiya yonib ketgan xonadonni ko‘zdan kechirganida, ularning birida mustahkam shkafda saqlanib qolingan boshqa pullar topildi. Yong‘ingacha xonadonda kim yashaganini aniqlash esa juda oson bo‘ldi.
Jinoyatchi ilgari ushbu uyning texnik holatini nazorat qilgan sobiq ish boshqaruvchi Emerix Yuttner bo‘lib chiqdi. Ilgari uning o‘ziga to‘q oilasi bo‘lardi, 1938 yilda rafiqasi vafot etganidan so‘ng, yo‘qotish Emerix uchun juda og‘ir kechdi: u giyohvand moddalarni iste’mol qila boshladi, deyarli barcha pullarini sovurdi, shundan so‘ng uning o‘zi yangi pullarni yaratishga qaror qildi. Mavzu bo‘yicha har xil adabiyotlarni o‘qib chiqqach, u matbaa uskunasini sotib oldi va qing‘ir yo‘lga tushdi.
Yuttner o‘ta ehtiyotkorlik bilan ish tutdi: u o‘ziga kerak bo‘lgan miqdorda pul yasab, oziq-ovqat va eng kerakli narsalarga sarflar, hech qachon sotuvchilarni bir dollardan ortiq pulga aldamas edi. Emerix yangi do‘konlar topib, u yerda xaridlari uchun pullarga faqat bitta soxta pulni qo‘shib qoldirardi. U sotuvchilar pand yemasligi uchun haftasiga 15 dollardan ortiq pul soqit qilmas edi.
Qo‘lga olinganida Yuttner 73 yoshda edi. Keksaligi, boshqa odamlarning mehnati va puliga bo‘lgan hurmati tufayli u sudyalarning iltifotiga sazovor bo‘ldi va unga 1 yilu 1 oy jazo muddati belgilandi. Keyinchalik yoshi hisobga olinib, muddat yana 4 oyga qisqartirildi. Ozodlikka chiqqach, Emerix nafaqaxo‘r sifatida tinch hayot kechira boshlagandi, biroq taqdir unga kutilmagan in’om taqdim etdi.
1950 yilda Gollivud maxfiy xizmati tarixidagi eng uzoq davom etgan ishga e’tibor qaratishga va Emerixning hayoti haqida film suratga olishga qaror qildi. “Janob 880” deb nomlangan film loyihasida qatnashgani uchun Emerix sotilgan chiptalardan 1 foiz mablag‘ oldi va qolgan kunlarini tashvishsiz o‘tkazgan holda boyib ketdi. Ushbu film unga barcha qalbakilashtirgan banknotlaridan ham ko‘ra ko‘proq boylik keltirdi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.