«Bir million so‘m maosh bilan ro‘zg‘or tebratolmayman»: Mardikor bozorida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
Xalq tilida «Toyloq betonkasi», rasman esa Samarqand tumani Sho‘rboyi mahallasida joylashgan ayollar mardikor bozorida ilk bor bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Tadbirni gazetamizda yoritish maqsadida o‘sha hududga borganimda bir guruh xotin-qizlar «mardikorlarga e’tibor qaratilishini birinchi bor ko‘rishim!» deya baland ovozda gapirib kelayotgan ekan.
- Ertaga tikuvchilikni o‘rganishga boramiz, - dedi ularning yana biri.
- Men bormayman, maoshi to‘g‘ri kelmadi, - yana bir ayol shunday deya sumkasini yelkasiga ilib, yo‘ldan o‘tishga shaylandi. Ularni to‘xtatib, suhbatga tortdim. O‘tkazilgan mehnat yarmarkasi, undagi ish o‘rinlari haqida fikrlarini so‘radim.
- Shu yerning o‘zida mehnat yarmakasi o‘tkazildi, viloyat hokimi o‘rinbosari Gavhar Alimova muammolarimizni tingladi, - deydi Toyloq tumani Galabotir mahallasidan kelgan Qanoat Ermanova. - Samarqand shahridagi «8 mart» fabrikasida ish bor ekan. Ertaga ushbu korxonada ishlash istagini bildirganlar yig‘ilib, u yerdagi ish bilan tanishishga borarkanmiz.
Aytish kerakki, har kuni erta tongdan boshlab 300-400 ga yaqin xotin-qizlar yollanma mehnat uchun olib ketiladi. Aksariyat ayollar bahor oylaridan boshlab dalada, dehqonchilik ishlariga jalb etiladi. Bu xotin-qizlarning aksariyati Toyloq, Urgut, Samarqand, Nurobod tumani, qo‘shni Qashqadaryo viloyatidan. Mardikor bozorini tartibga solish maqsadida shu hududning o‘zida bundan bir necha yillar avval aholi bandligiga ko‘maklashish markazi huzuridagi «vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash byurosi» tashkil etilgan. Uning atrofida yollanma mehnat uchun chiqqan xotin-qizlar uchun soyabonli o‘rindiqlar, maxsus joylar tashkil etilgan. Ammo…
- Ammo xotin-qizlarga tushuntirishimizga qaramay, ular ushbu qulay joyda o‘tirib ish beruvchini kutmaydi, - deydi ushbu byuro rahbari Mansur Gadoyev. – Katta trassa yoqasida turishni ma’qul ko‘rishadi. Faoliyatimiz davomida ularga doimiy ravishda bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot beriladi. Shu yilning o‘zida o‘n nafar xotin-qiz turli tashkilotlarga ishga joylashtirildi. Bir kun davomida bog‘da mehnat qilib, pulini ololmagan to‘rt nafar ayolning ish haqi undirib berildi.
- Shu paytgacha hech kim holing nima deb so‘ramagandi, - deydi Toyloq tumanidan Qanoat Ermanova. – Ish o‘rni taklif qilingani, ahvolimiz bilan qiziqishgani yaxshi, albatta. Ammo taklif etilayotgan ish maoshi ro‘zg‘or boqish uchun yetarli emas-da. Ushbu bozorga bekorchilikdan chiqmaymiz. Bu yerga asosan ro‘zg‘or yukini o‘z zimmasiga olganlar keladi. Meniyam turmush o‘rtog‘im ancha yillar oldin vafot etgan, ikki nafar farzandim bor. O‘zim bir necha marta operatsiya stolidan chiqqanman. Ammo mardikor bozorga chiqib, og‘ir mehnat qilishga majburman. O‘qimagan bo‘lsam-da, rus, qisman fransuz tilini bilaman, bo‘sh vaqtim bo‘ldi deguncha kitob o‘qiyman. Lekin vaqtida ishlashimga uydagilar ruxsat berishmagandi. Hayot sinovi shunday ekanki, vaqti kelgach, ayol boshim bilan ro‘zg‘orni o‘zim tebratishimga to‘g‘ri keldi. Hozir bizga bir million so‘m miqdoridagi maoshli ishlar taklif qilishayapti. Lekin bu oylik bilan ro‘zg‘orimni qanday yuritaman? Shuning uchun taklif qilinayotgan ishlarning birortasi to‘g‘ri kelmadi. Og‘ir mehnat bo‘lsa-da, har kuni o‘rtacha 70-100 ming so‘m beriladigan mehnatni qilsam, qozonimni qaynatishim, yana bolalarimning ustini butlashim mumkin.
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida yaqin tumanlardan 65 ta korxona, tashkilot va muassasalar jalb etilib, mavjud bo‘lgan 400 dan ortiq bo‘sh (vakant) hamda kvota ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
O‘zlariga maqbul keladigan ish qidirib, kelgusida o‘z kasblari va mutaxassisliklari bo‘yicha ma’lum bir ish o‘rniga ega bo‘lish maqsadida mehnat yarmarkasida ishtirok etgan ishsiz fuqarolardan 52 nafariga ishga joylashishi uchun yo‘llanmalar berildi. Ularning 37 nafarini
xotin-qizlar, 12 nafarini yoshlar tashkil etib, ishga joylashtirilganlardan
5 nafari kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yoshlar tashkil etadi.
Bundan tashqari, “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi”da ishtirok etgan va o‘zlariga maqbul keladigan ish topa olmagan 117 nafar fuqarolarga mehnat qonunchiligi bo‘yicha tushunchalar berilib, har oyda yangilanib boriladigan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishtirib borilishi tushuntirildi.
Gulruh Mo‘minova,
Zarnews.uz muxbiri.