"Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul": Urgutlik otaxon tanlov g‘olibi bo‘ldi

Samarqand shahrida "Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul" respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida g‘olib bo‘lgan nuroniylar uch shart bo‘yicha mahallasida "Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul" tamoyili asosida amalga oshirgan ishlarini namoyish etdi.
Tadbir avvalida «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Sh.Negmatov so‘zga chiqib, ushbu tanlov nuroniylarni hayotga yanada faol jalb qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlar tarbiyasida keksa avlod vakillarining tajribasidan keng foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o‘rtasida barqaror muhitni vujudga keltirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Hakamlar hay’ati xulosalariga ko‘ra, ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi g‘olibligi Urgut tumanining Yuqori Qayroqli mahallasi nuroniysi Akram Suyunovga nasib etdi va diplom, pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, Akram bobo ko‘rik-tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Qo‘shrabot tumanining Boyto‘p mahallasi nuroniylar faoli Norbobo Shakarov ikkinchi, Kattaqo‘rg‘on shahar Qo‘shhovuz mahallasi nuroniysi Saboat Nigmatova hamda Past Darg‘om tumanining Hovuzak mahallasi faoli Azamat Ro‘ziqulov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ularga ham pul mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi.
- Bugun yosh avlod tarbiyasi har qachongidan dolzarb bo‘lib bormoqda, - deydi Akram Suyunov. - Ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarli, ishli qilishda katta hayot tajribasiga ega nuroniylarning ibratli hayoti muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi tanlov biz nuroniylar uchun o‘zaro tajriba almashish, yoshlar tarbiyasida nimalarga e’tibor qaratishimiz zarurligini maslahatlashib olish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.
Tanlovning respublika bosqichida ham munosib ishtirok etib, mahalla yoshlariga bosh bo‘lishdek ezgu maqsadni amalga oshirish uchun harakatdan to‘xtamayman.