Bir oyoq bilan 143 kun yugurgan Terri Foks jasorati
Kanadalik Terri Foks 1958 yilda tug‘ilgan. Uning bolaligi Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida o‘tdi. Maktabda basketbolga qiziqqan yigit o‘qishini tugatgach, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lish umidida hujjatlarini universitetga yuborish niyati bor edi.
Bir kuni Terri velosipedda ketayotib, boshqaruvni yo‘qotdi va tizzasini yo‘l chekkasida to‘xtab turgan yuk mashinasiga urib oldi. Bu unchalik dahshatli narsa emasdek tuyuldi, biroq keyinchalik uning tizzasi qattiq og‘riy boshladi. O‘shanda Vinnipeg shahridagi ta’lim muassalari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan basketbol mavsumi qizg‘in pallada edi va o‘yinni o‘tkazib yubora olmagan yetakchi sportchi shifokor tashrifini kechiktirdi.
1977 yilda havaskor yengil atletikachining oyog‘i juda qattiq og‘riq bera boshladi. Tahlillar yigitda dahshatli tashxis - suyak saratoni rivojlanib ketganligini aniqlab berdi. Shifokorlar Terri oyog‘ining tizzasidan yuqorigacha bo‘lgan qismini amputatsiya qilishga qaror qilishdi. Mutaxassislar unga protez o‘rnatdi, lekin kasallik yaxshilik bilan tugashini kafolat bera olmagan shifokorlar Foks yaqin orada tanasi bo‘ylab tarqalgan kasallikdan vafot etishini bashorat qilishdi.
Shunda Terri onkologik kasalliklar tarqalishi bo‘yicha tadqiqotlar qilish uchun mablag‘ to‘plashga bag‘ishlangan “Umid marafoni” xayriya tashkiloti doirasida okeandan-okeangacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishga qaror qildi. Foks bu sayohatini 1980 yilning aprel oyida oyog‘ini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Atlantika okeaniga botirib olib boshladi. U bu “marosim”ini ikkinchi marta Tinch okeanida joylashgan Vankuverga yetib borganida takrorlashga umid qilgan edi.
Yigit kuniga o‘rtacha 42 kilometr masofani bosib o‘tar, shu bilan birga uning kasalligi ham rivojlanishda davom etardi. Faqat bukilmas iroda kuchi va baxtsizlikka uchragan birodarlariga yordam berish istagi Foksga taslim bo‘lishga yo‘l qo‘ymadi. Yuzlab fuqarolar yigitning yo‘liga chiqib, uni olqishlardi va xayr-ehson qilishardi.
Muayyan bosqichda yosh qahramon juda qattiq og‘riqni boshdan kechira boshladi, lekin u to‘xtamadi. Shifokorlar va poyga tashkilotchilarining uzoq ishontirishlaridan keyingina u safarini to‘xtatishga qaror qildi. Zudlik bilan kasalxonaga yotqizilganida, tashxislar saraton o‘pkaga yetib borganligini ko‘rsatdi. Biroz vaqt o‘tgach, yigit komaga tushib qoldi va “Umid marafoni” to‘xtatilganidan 10 oy o‘tgach, 143 kunda 5373 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan Terri 23 yoshida vafot etdi.
Terri Foks omma e’tiborini onkologiya muammosiga qaratishga muvaffaq bo‘ldi. 1981 yilning fevral oyiga kelib, o‘sha davr uchun katta mablag‘ - 4 million dollardan ortiq mablag‘ yig‘ildi. Hozirda ham o‘nlab mamlakatlarda kanadalik yigit sharafiga xayriya marafonlari uyushtiriladi, shuningdek 360 million dollardan ortiq mablag‘ yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan Terri Foks jamg‘armasi ham faoliyat yuritib kelmoqda.
Terrida bo‘lgan so‘nmas ishonch uchquni boshqa saratonga chalingan bemorlarning qalbini yoritishga yordam berdi. Kanadaning ko‘plab shaharlarida bu bir oyoqli yuguruvchiga bag‘ishlab o‘rnatilgan yodgorliklar taqdir adolatsizligiga qarshi hayot uchun haqiqiy kurash ramziga aylangan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.