Bir sutkada piyodalar ishtirokida 13 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 24 dekabr kuni respublikamiz hududida piyodalar ishtirokida 13 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan.
Afsuski, ularning aksariyati piyodalar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar sababli yuzaga kelgan. Bir kunda piyodalar ishtirokida 13 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishi juda ham achinarli hol. Bu kabi xodisalar sabab jabr ko‘rganlar orasida siz bilan bizning yaqinlarimiz, tanishlarimiz ham bor.
Yuqorida ta’kidlangan 13 ta holat sabab qanchadan-qancha oilalarda yangi yil ko‘tarinkiligi, xursandchilik, bolalar kulgisi yangramaydi. Bu holatlarning jamiyatimizga ham zarari yetarlicha. Ularning zaxri tarqaguncha qancha oilalar tashvishda bo‘ladi. Shu bizga kerakmi? Yo‘q, albatta. Shunday bo‘lmasligi mumkinmidi? Ha, mumkin edi. Buning uchun esa barchamizdan yo‘llarda harakatlanganda ozroq xushyor bo‘lish, “Yo‘l harakati qoidalari”ga qat’iy amal qilish talab etiladi. Bu unchalik ham murakkab ish emas.
Hurmatli hamyurtlar! Kirib kelayotgan Yangi yil bayramini oila davrasida, hursandchilikda nishonlash hammamizga nasib etsin. Bir soniyalik shoshma-shosharlik bir umrlik afsusga sababchi bo‘lib qolmasin, desangiz “Yo‘l harakati qoidalari”ga amal qiling.