"Bir yigitga qirq hunar oz" buning uchun bugun imkoniyat yetarlimi?

– Nabiram Toshkentdagi oliygohlarning birida o‘qiydi, – dedi onaxon. – Yozgi ta’til paytidan unumli foydalanib, tikuvchilikni o‘rganishi uchun o‘quv markaziga olib kelyapman. Qiz bola birovning xasmi, hozir hunarli bo‘lib olsa, turmushga chiqqach, qiynalmaydi. Ma’lumoti bilan davlat ishida ishlasa, o‘rgangan hunari ro‘zg‘orida asqotadi. Institutda o‘qiydigan o‘g‘il nabiram ham bor. Biror hunar o‘rgansin desak, yigitlar uchun biror qisqa muddatli o‘quv kursini topmadik.

Rost. Mulohaza yuritishga arzirli mavzu. Bugun qizlarimiz uchun ro‘zg‘or yumushlari, tikuvchilik, to‘quvchilik kabi hunar o‘rgatuvchi o‘quv markazlari ko‘p. Ammo o‘g‘il bolalar uchun-chi? O‘zingiz ayting, Koreyaning "KOICA" xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Samarqand kasb-hunarga o‘qitish markazi va "Hunarmand" uyushmasidan tash­qari yigitlarga hunar o‘rgatuvchi qisqa muddatli o‘quv markazi borligini eshitganmisiz?

"KOICA" kasb-hunarga o‘qitish markazining olti oylik kurslarida bir yilda 500 nafarga yaqin yoshlar avtomobillarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash va chilangarlik ishlari, elektrotexnika va elektronika, axborot texnologiyalari mutaxassisliklarini egallamoqda.

– "KOICA" kasb-hunarga o‘qitish markazini payvandlash mutaxassisligi bo‘yicha tamomladim, – deydi Oybek O‘rolov. – Bugun Samarqand avtomobil zavodida mutaxassisligim bo‘yicha ishlayapman.

– Bugun uyushmamiz qoshida 34 yo‘nalish bo‘yicha 78 ta "Usta – shogird" maktablari faoliyat yurityapti, – deydi "Hunarmand" uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov. – Ularda 250 nafar yigit-qiz o‘zi qiziqqan yo‘nalish bo‘yicha bepul hunar o‘rganmoqda. Shundan 15 tasi markazimizning o‘zida. Ayni paytda "Usta – shogird" maktablarida yoshlar qamrovini kengaytirish maqsadida tuman va shahar mahallalarida targ‘ibot ishlarini olib boryapmiz.

– Bir yildan buyon "Hu­narmand" markazida usta Habib Turdialiyevdan naqqoshlik sirlarini o‘r­gan­yapman, – deydi Sherzod Karimov. – Bu yerga ilk kelganimda ustozim yaratgan mahsulotlarni ko‘rib, avvaliga men ham shunday jihozlar yarata olarkanmanmi, deb ko‘nglimda ikkilanish paydo bo‘lgandi. Ilk yasagan narsalarim o‘xshamadi. Ammo bugun sopoldan tarixiy obidalar maketini yasash, tovoqlarga naqsh solish va shunga o‘xshash suvenirlar tayyorlashga qo‘lim kelib qoldi. Mehnatimga yarasha haq ham olyapman.

Bular yaxshi. Ammo ma’lumotlarga ko‘ra, bugun viloyatimizda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 1 million 800 mingdan ziyod. Shundan 500 mingga yaqinini o‘g‘il bolalar tashkil etadi. Tabiiyki, ularning hammasini "KOICA" yoki "Hunarmand" uyushmasiga jalb qilib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bolalarning barisi hunar o‘rganishga kiziqmas yoki boshqa sohalarda ishlashni xohlar, ammo 500 ming nafar yigitning 250 mingining hunar o‘rganishga ishtiyoqi bo‘lsa, ular uchun qancha o‘quv markazlari kerak? 

Ishsiz yurgan yoshlar bandligini ta’minlash, ular orasida jinoyatchilikning oldini olish bugunning dolzarb masalasi. Yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va turli ko‘ngilsiz holatlarning asl sababi ularning bandligi ta’minlanmaganida. Agar bola biror hunar bilan band bo‘lsa, bekorchi narsalarga vaqti bo‘lmaydi.

Bir tanishim sartaroshlikka juda qiziqadi. U bir-ikkita sartaroshga shogird tushgani borsa, ular hozircha shogird olishga ehtiyoji yo‘qligini va shunga o‘xshash turli bahonalar bilan rad javobini beribdi. Agar o‘sha tumanda sartaroshlikni o‘rgatuvchi markaz bo‘lganida hunar o‘rganishga ishtiyoqmand yigit sarson bo‘lib yurmas edi. Qo‘ying-ki, 500 mingga yaqin yigitlar orasida avtomobil, maishiy texnikalar, poyabzal ta’mirlashga, oshpazlikka qiziquvchilar kammi? Nega shu kabi hunar o‘rgatuvchi kurslar tashkil etilmayapti?

Olim SONNIBOYeV.