Yerni noqonuniy egallab olish muqarrar javobgarlikka olib keladi
6 oyda 1912 holatda 487,9 gektar yer maydoni turli maqsadlarda foydalanish uchun o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.
Bu haqda Kadastr agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fozil Xudoyqulov Zarnews’uzga ma’lum qildi.
- Prezidentimizning yer resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda doimiy ravishda yer nazorati tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda, - dedi F.Xudoyqulov. - Joriy yilning olti oyida yer munosabatlari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari o‘rganilganda 1912 holatda 487,9 gektar yer maydoni turli maqsadlarda foydalanish uchun o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi. Achinarlisi, o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarning 420 gektari yoki 86 foizi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan bo‘lib, shundan 220 gektari sug‘oriladigan yerlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Egallangan yerlarning 21,8 gektari Oqdaryo,
55 gektari Kattaqo‘rg‘on, 50 gektari Qo‘shrabot,
95 gektari Payariq, 74 gektari Past Darg‘om, 42 gektari Paxtachi, 53 gektari Nurobod, 30 gektari Urgut tumaniga to‘g‘ri keladi.
Aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan agentlikning tuman bo‘limlari tomonidan yer qonunbuzilishini sodir etgan shaxslarga berilgan tushuntirish va yozma ko‘rsatmalar natijasida 602 holatda 192,4 gektardagi yer qonunbuzilish holatlari ixtiyoriy bartaraf etildi. 1,52 gektardagi 263 ta noqonuniy qurilmalar buzildi.
Yer qonunbuzilishini ixtiyoriy bartaraf etmagan 1001 holat bo‘yicha sudga da’vo arizalar kiritildi. Prokuratura organlariga taqdim etilgan ma’lumotlar asosida 85 holat JPKning bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi va 54 ta ish bo‘yicha tergov davom etmoqda.
Sud idoralariga kiritilgan 1001 ta da’vo arizaning 460 tasi yuzasidan sudning hal qiluv qarori chiqarilib, majburiy ijro byurosiga qaratilgan bo‘lsa-da ijro etilmayapti.
Ma’lumot uchun, sudlarning hal qiluv qarorlari Sumarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida 16 tadan, Toyloqda 19 ta, Oqdaryoda 50 ta, Bulung‘urda 36 ta, Jomboyda 47 ta, Ishtixon 16 ta, Kattaqo‘rg‘onda 35 ta, Qo‘shrabot 30 ta, Narpayda 5 ta, Payariqda 50 ta, Past Darg‘omda 29 ta, Paxtachida 22 ta, Samarqandda 27 ta, Nurobodda 22 ta va Urgut tumanida 40 taga to‘g‘ri keladi.
Misol uchun, Past Darg‘om tumanida “Samarqand kamalak invest” MChJga qarashli 0,15 gektar yer maydonini Bog‘ishamol mahallasida yashovchi fuqaro Samad Azizov o‘zboshimchalik bilan egallab, 130 kvadrat metr maydonda uy-joy va boshqa qurilmalar qurgan. O‘zboshimcha qurilma bo‘yicha Kadastr agentligi tomonidan 51 million so‘m jarima jazosi, majburiy ijro byurosiga qaratilgan bo‘lsa-da, qo‘llanilgan jarima undirilmagan. Noqonuniy qurilishni buzdirish va yer maydonini qaytarish yuzasidan sudga da’vo ariza joriy yilning 29 yanvarida kiritilib, sud tomonidan mazkur da’vo 18 martda ko‘rib chiqilib qanoatlantirilgan. Ammo, uch oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ijrosi ta’minlanmagan.
Yana bir holatda Bulung‘ur tumanida tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 0,19 gektar yer maydoni Isori o‘roqli mahallasida yashovchi fuqaro Ravshan Burxonov tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallanib, 211 kvadrat metr maydonda uy-joy qurilgan. Bu ish bo‘yicha ham Kadastr agentligi tomonidan 51 million so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanilib, majburiy ijro byurosiga berilgan bo‘lsa-da, jarima undirilmagan. Noqonuniy qurilishni buzdirish va yer maydonini qaytarish yuzasidan sud qarori ham uch oydan ortiq vaqtdan buyon ijro etilmayapti.
Yerlarni noqonuniy egallab, qurilish qilgan shaxslarga qo‘llanilgan jarimalar undirilmasa, noqonuniy qurilishlari buzdirilmasa bu kabi holatlar ortib boraveradi.
Misol uchun, bu yil yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallanishini 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 1398 taga yoki 342,4 gektarga oshgan. Bunga asosiy sabab xalq tilida “aksiya” deb noto‘g‘ri talqin qilinayotgan yangi qonun loyihasini eshitib, hatto ayrim fuqarolar “Qurilishi mavjud bo‘lsa, egalik huquqi e’tirof etilar ekan”, degan noto‘g‘ri fikrga kelib, bo‘sh turgan yerlarga imorat qurib olishga harakat qilmoqda.
Sektor rahbarlari o‘z hududidan noqonuniy qurilgan qurilishlarni buzdirish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarini qaytarish yuzasidan chiqarilgan qarorlar ijrosini Majburiy ijro byurosi va tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ta’minlasa yaxshi bo‘lardi.
Kadastr agentligining hududiy bo‘limlari tomonidan yil davomida yer qonun buzilish holatlari yuzasidan 1017 ta ma’muriy ish ko‘rilib, 30,109 milliard so‘m miqdorida jarima jazolari qo‘llanilgan. Majburiy ijro byurosida 231 holatda 9 milliard 376 million so‘m jarima undirilmasdan qolmoqda.