Bir yilda viloyatda 3416 ta kiberjinoyat sodir etilgan

Viloyat ichki ishlar boshqarmasida boshqarmaning 2024 yildagi faoliyati sarhisobi hamda kelgusi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjuma bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov mavzu yuzasidan ma’lumot berdi.
2024 yilda Samarqand viloyatida 9402 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, shuning 36,3 foizi yoki 3416 tasi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Va bu ko‘rsatkich ortib bormoqda.
Misol uchun, boshqarmaga kiberjinoyatlar yuzasidan 2021 yilda 980 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu mazmundagi murojaatlar soni 4750 tadan oshgan. Ularning asosiy qismi, ya’ni 40 foizi Samarqand shahridan. Keyingi o‘rinlarda Kattaqo‘rg‘on shahri, Samarqand, Urgut va Past Darg‘om tumanlari turadi.
— Murojaatchilarning 50 foizini 17-35 yoshdagi, 30 foizini 35-45 yoshdagi, 20 foizini esa 45 yoshdan yuqori shaxslar tashkil etgan, - deydi Rahmat Mamatov. – Tahlillar jinoyatlarning 60 foizi virusli va soxta ilovalar, 20 foizi telefon qo‘ng‘iroqlari orqali, 5 foizi meros yuborishini aytib, 15 foizi esa soxta birjalarga investitsiya kiritish orqali sodir etilganligini ko‘rsatmoqda. Bunda fuqarolarning bank kartalaridan yechib olingan pullar asosan Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, BAA, Turkiya hamda Afrika davlatlari orqali avval AQSh dollariga, keyin esa bitkoinga aylantirib olinayotgani ma’lum bo‘lgan. Biz bu jarayonlarni to‘liq o‘rganib, tegishli vazirliklarga uning oldini olish, aholi, xususan, bank mijozlarini kiberjinoyatlardan himoya qilish bo‘yicha takliflar berganmiz. Joylarda tizimli ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari ham olib borilmoqda.
Viloyatdagi umumiy jinoyatlar soni har 100 ming aholiga nisbatan 223,4 tani (respublikada bu 359,5 ta) tashkil etishi ma’lum qilindi. Respublikada bu ijobiylik jihatidan 3-o‘rin degani. E’tiborlisi, soha mutaxassislarining sa’y-harakati bilan mazkur jinoyatlarning 93,8 foizi fosh etilib, qidiruvdagilarning 769 tasi yoki 41,1 foizi ushlangan.
Tadbirda mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Ma’lumotga ko‘ra, ayni damda viloyatdagi 1126 ta mahallaning 156 tasi “qizil”, 600 tasi “sariq” toifaga kiritilgan. Ulardagi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyat turlaridan mast holdagi jinoyat, ishsizlar hamda muqaddam sudlanganlar jinoyati kamaygan. Biroq oilaviy nizolar bilan bog‘liq jinoyatlar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Unda aksar jinoyatlarning kelib chiqishi ijtimoiy muammolarga bog‘liqligi, ularni bartaraf etishda “mahalla yettiligi” va jamoatchilik ko‘magi kerakligi aytib o‘tildi.
Anjumanda ishtirok etgan jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham javob olishdi.