Bir yildan ortiq vaqt mobaynida hech qanday kelishib bo‘lmagan ijro ishi mediatorning yordami bilan yechimini topdi
Joriy yilning 12 mart kuni Prezidentimizning “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatda 2019 yilning 1 aprelidan boshlab sud hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya instituti joriy etilishi belgilandi. Mediatsiya amalga oshirilayotgan paytda ijro ishi 15 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turiladi. Bunda tomonlar o‘rtasida ijro predmetiga doir kelishuv rasmiylashtirilgan hollarda ijro ishi yuritilishi tugatilishi belgilandi.
Samarqandda birinchi marta mediatsiya usuli ijro ishi yuritish tizimiga qo‘llanildi. Bu esa o‘zining ijobiy samarasini berdi.
Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limiga fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018 yil 16 apreldagi qaroriga asosan Samarqand shahri, Nodirabegim ko‘chasi 4-uy buzilayotgani sababli, uyda yashovchi qarzdorlarni yashab turgan uy-joylariga teng qimmatli boshqa turar joyni mulk qilib topshirish vazifasi qo‘yilgan. Shuningdek, undiruvchi “Temp Stroy Torg” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan uy-joylarni buzish to‘g‘risidagi qarzdorlarni uy-joy bilan ta’minlash yuklatilgan.
Jumladan, fuqaro Muso Gulyamovni Samarqand shahar, Nodirabegim ko‘chasi 4-uy, 5-sonli noturar joy (do‘kon)dan chiqarib, “Temp Stroy Torg” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ushbu joyda qurilayotgan ko‘pqavatli uyning 1-qavatidan noturar joydan do‘kon berish, fuqarolar S.Eshonqulov, M.Gulyamov va S.Gadayevalarni oila a’zolari bilan majburiy tartibda ko‘chirib, ijara shartnomasi asosida vaqtincha ajratilgan uy-joyga kiritish, buzilishga tushgan turar joyi evaziga tovon tariqasida maydoniga mutanosib ravishda avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joyni mulk qilib topshirish majburiyati bajarilgandan keyin turar joyni undiruvchi hisobidan buzish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari mavjud edi.
Biroq, qarzdorlar faol qarshilik ko‘rsatilganligi sababli, ijro harakatlari boshqa kunga qoldirilgan va qarzdorlarga nisbatan davlat ijrochisining 2019 yil 5 fevraldagi qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 1981-moddasiga asosan eng kam oylik ish haqining 10 barobari miqdoridan ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Shundan so‘ng, ijro ishi 2019 yil 25 fevralda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining aloqa xatiga asosan, Oliy sudda nazorat tartibida ko‘rilgunga qadar vaqtinchalik ijrosi to‘xtatilgan.
Joriy yilning 28 mart kuni sudning ijro hujjatini to‘xtatish haqidagi qarori Oliy sud rahbariyatining 26 mart kungi xati bilan bekor qilingan va bu haqda tomonlarga ma’lum qilingan.
Joriy yilning 29 mart kuni majburiy ijro harakatlariga yana kirishilib, Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochilari Nodirabegim ko‘chasidagi 4-uyga borib, qarzdorlarga majburiy ko‘chirish talablari haqida tushuntirish bergan. Lekin qarzdorlar tomonidan qarshilik ko‘rsatilgani sababli, ijro harakatlarini amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan.
Qarzdorlar M.Gulyamov, S.Eshonqulov va S.Gadayevalarga – undiruvchi “Temp Stroy Torg” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan buzilayotgan uy-joylari o‘rniga qurilayotgan yangi uy-joydan uy berish yoki oldingi uydan kattaroq kenglikdagi uy berish taklifini rad etib, o‘rniga yanada ko‘prog‘ini talab qilishgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida davlat ijrochisining 2019 yil 8 apreldagi talabnomasiga asosan, ijro harakatlarini amalga oshirish vaqti ertasiga – 9 aprelga tayinlangan. Bu kuni ikki tomonning kelishuvi bilan huquqshunos A.Imomov ijro harakatlari jarayonida mediator sifatida ishtirok etib, tomonlarni o‘zaro kelishuviga erishdi. Bir yildan ortiq vaqt mobaynida hech qanday kelishib bo‘lmagan, sud jarayonlarida, turli tortishuvlar, bahslarda yechim topilmagan bu ijro ishida nihoyat mediatorning yordami bilan bir yechimga kelindi. Bundan har ikkala tomon ham mamnun bo‘ldi.
Shu munosabat bilan “Temp Stroy Torg” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbarining 2019 yil 9 apreldagi ijro hujjatini ijro qilmasdan qaytarishni so‘rab bergan xatiga asosan, qarzdorlar M.Gulyamov, S.Gadayeva va S.Eshonqulovlarga oid ijro hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 40-modda 1-qismiga asosan tamomlandi.
O‘ylaymizki, mediatorlar bundan keyin ham ijro ishi yuritishi tizimiga yaqin ko‘makchi bo‘lib qolaveradi.
Farrux IBRAGIMOV, Majburiy ijro byurosi
Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari.