Birinchi uchar mototsikl sotuvga chiqarildi

Yaponiyada dunyodagi birinchi "XTurismo Limited Edition" uchar mototsikli sotuvga chiqdi, deya ma’lum qildi Reuters.

Samolyot Yaponiyaning dronlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan A.L.I. Technologies Inc. tomonidan ishlab chiqilgan. Loyihada Yaponiyaning Mitsubishi Electric va Kyocera sanoat kompaniyalari ishtirok etdi.

Transport vositasi an’anaviy ichki yonuv dvigateli va to‘rtta akkumulyatordan quvvat oladi. Ularning yordami bilan aerobayker havoda 40 daqiqada 100 km/soat tezlikda ucha oladi. Aerobaykerning uzunligi 3,7 metr, kengligi 2,4 metr va balandligi esa 1,5 metr. Og‘irligi 300 kg, maksimal yuk ko‘tarishi 100 kg.

Aerobaykerlarga buyurtmalar 26 oktyabrdan boshlab qabul qilinmoqda, yetkazib berish faqat 2022 yilning birinchi yarmida boshlanadi. Ammo narxi «chaqadi» - 77,7 million iyen yoki 680 ming dollar.

Yaponiya qonunchiligi bunday uchar transport vositalarining havoda erkin harakatlanishiga, uchish va qo‘nish uchun umumiy yo‘llardan foydalanishga ruxsat bermaydi. Biroq, ishlab chiquvchilar aerobayk qutqaruv guruhlariga turli xil borish qiyin bo‘lgan joylarga yetishi uchun asqotishiga ishonchi komil.

G.Xoldorova tayyorladi.