Bitiruvchilarning birortasi OTMga kirolmagan maktablar bor
Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yilida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 53583 nafar o‘quvchi bitirgan.
Ularning 2187 nafari kasb-hunar texnikumlariga, 46528 nafari oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan.
2020 yil 8 oktyabr holatida, bitiruvchilarning 5700 nafari oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lgan, ularning 192 nafari xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.
Biroq 2018-2019 o‘quv yilida viloyatdagi 356 maktabdan, 2019-2020 o‘quv yilida esa 128 maktabdan biror o‘quvchi OTMga o‘qishga kirolmagan. Bitiruvchisi o‘qishga kirolmagan maktablarning aksariyati Urgut, Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Past Darg‘om va Nurobod tumanlarida.
- Karantin sabab bu yil bitiruvchilar bilan jiddiy shug‘ullana olmadik, - deydi Narpay tumanidagi 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Feruza Ravshanova. – 24 nafar bitiruvchimizdan birortasi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirolmadi. Ayni paytda 3 nafar o‘quvchi Qozog‘istondagi oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan.