Bitta litseydan 41 nafar o‘quvchi muddatidan oldin o‘qishga kirgan

Shu kunlarda “falon o‘quvchi muddatidan oldin o‘qishga kiribdi”, degan xabarlar ko‘p tarqalyapti. Ular orasida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali akademik litseyi ikkinchi bosqich o‘quvchisi Javohir Qayumov ham bor.

U shu paytga qadar xorijiy davlatlarning 12 ta nufuzli oliy ta’lim muassasalari granti sohibi bo‘ldi. Javohirni o‘qishga qabul qilgan universitetlarning biri reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoning Top-100 talik oliy ta’lim muassasalari qatorida.

– Litseyga kelganimdan keyin do‘stim Adhamjon Janobiddinov dunyoning nufuzli universitetlari grantlariga ega bo‘ldi. Uning maslahatlari bilan IELTS sertifikatini olib, xorijda o‘qishga qat’iy qaror qildim. Mana, oradan bir yil o‘tib, maqsadimga erishdim, - deydi u. - 10 dan ortiq universitetlarga muddatidan oldin o‘qishga qabul qilingan bo‘lsam, ulardan biri - “University of Minnesota” reyting bo‘yicha dunyo oliy ta’lim muassalari orasida 87-o‘rinda turadi.

TATU Samarqand filiali akademik litseyi direktori Sayyora Hamrayevaga ko‘ra, o‘tgan o‘quv yilida litseyni tamomlagan bitiruvchilarning 93 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Bu yil 41 nafar o‘quvchi muddatidan oldin o‘qishga qabul qilingan.

Litseyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar axborot texnologiyalari bo‘yicha nufuzli tanlovlarda ham faol ishtirok etib, yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Ular ustozlari ko‘magida turli xil dasturlar yaratmoqda.

To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV,
E’zoza MEYLIYeVA.