“Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasidan navbatdagi aksiya

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi bilan O‘zbekiston nogironlar jamiyati hamda O‘zbekiston Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi hamkorligida “Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasi doirasida navbatdagi viloyat savdo yarmarkasi o‘tkazildi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatimizda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, ularning ko‘nglini ko‘tarish hamda jamiyatimizning ajralmas qismi ekanini yana bir bor namoyon qilishdir.
Yarmarka 2019 yilning 3 iyul kuni Samarqand shahrining “Registon” maydonida bo‘lib o‘tdi. Aksiyada 20 dan ortiq hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, madaniy va dorivor o‘simliklar o‘stiruvchilar, nogironlar sporti jamiyatlari hamda nodavlat tashkilotlari ishtirok etdi. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning savdosi tashkil etilib, uch millionlik savdo amalga oshirildi.
Ushbu aksiya Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan chet ellik turistlarda ham katta taassurot qoldirdi.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi.