"Biz faqat naqdiga ishlaymiz!"

Holat shuki, Samarqandda pul ko‘chirish yo‘li bilan ana shu xizmatni amalga oshiradigan korxona topish amri mahol ekan.

Do‘konini bayramga monand yoritishni istagan tadbirkor bir nechta kishiga uchrashib, "Biz faqat naqd pulda ishlaymiz", degan gapni eshitganini aytgach, o‘zimiz ham qiziqib ko‘rdik.

Ayni kunlarda deyarli barcha do‘konlarda siz istagan yoritish uskunalari bor. Faqat uni binoga o‘rnatishni o‘zingiz hal qilishingiz kerak. "Osoni "montyor" topasiz", deydi sotuvchilardan biri. Ammo bu birinchidan, kafolatsiz, ikkinchidan, norasmiy, shartnoma tuzib, pul ko‘chirishning iloji yo‘q.

Aslida ayni shu kabi xizmatlarni bajarishi kerak bo‘lgan "Samarqand-nur" davlat ishlab chiqarish korxonasi bor. Bir-ikki yil oldin xuddi shu xizmat bo‘yicha murojaat qilish mumkin bo‘lgan Samarqanddagi yagona ushbu korxonada ham yetarli texnik baza yo‘qligi tanqid qilingan edi.

Hozir mutaxassislarimiz ham, texnikalarimiz ham yetarli, – deydi "Samarqand-nur" korxonasi bosh muhandisi Isroil Yarullayev. – Bayram oldidan xuddi siz aytgan xizmat bo‘yicha juda ko‘p murojaatlar bo‘ladi. Shartnoma tuzib, mablag‘ tushumini oshirish yaxshi, albatta. Ammo tan olish kerak, biz bu murojaatlarning hammasini qabul qilolmaymiz. Chunki davlat buyurtmalari bo‘yicha qiladigan ishlarimiz nihoyatda ko‘p, ulgurolmaymiz barchasiga.

Haqiqatan ham, bayram oldi bu xizmatga talab juda yuqori. Yoritish uskunalarini o‘rnatib beradiganlar ham oz emas. Ammo ularning aksariyati ro‘yxatdan o‘tmasdan ishlagani uchun asosan, og‘zaki, naqd pulda kelishishingizga to‘g‘ri keladi. Yana noqonuniy pul yig‘ish, yana o‘g‘rilik.

Binolarni yoritish bo‘yicha internet orqali so‘rovimizga ham 15 ta korxona manzili, telefon raqamlari chiqdi. Barchasi rasman ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar. Gap shundaki, ularning birortasi Samarqand shahrida emas. Asosan Toshkent shahrida. Birgina Toshkent shahrida shuncha korxona bo‘lgani holda Samar­qandda hali-hamon bu xizmatning muammo ekani tushunarsiz.

Mutaxassislar buni shunday izohlashdi: "Bu xizmatni yo‘lga qo‘yish uchun korxona ochish, rasman ro‘yxatdan o‘tish va soliq qonunchiligiga amal qilish kerak. Ammo tabiiyki, 20-25 kunlik mavsum uchun hech kim korxona ochib, rasmiy faoliyat yuritishni xohlamaydi. Chunki korxonasi 11 oy "dam olishi" kerak. Tan olish lozim korxonaning hujjatlarini tayyorlash uchun ketadigan vaqtda mavsum o‘tib bo‘ladi. Qachonki, talab bo‘lsa, taklif beruvchilar o‘z o‘zidan shakllanadi. Nafaqat yoritish uskunalari o‘rnatish bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkor, balki katta-katta korxonalar ishga tushadiagar yil davomida talab bo‘lsa. Yanayam boshqacha aytsak, biz o‘zimiz shahrimizni, binomizni energiya tejamkor uskunalar yoritib turishini istasak. Vaholanki, binolarimizni kechasi fayzli, oqshomimizni nurafshon qiladigan bu imkoniyat sizu bizga qimmatga tushmaydi. Energotejamkor tizimda ishlovchi bu yoritqichlar bor-yo‘g‘i 6-12 voltda ishlaydi, xolos. Axir Toshkentda oddiy ko‘p qavatli uylar ham kechasi yoritiladi. Hisoblab ko‘ring: bizda bunday uylar qancha. Bu binolar yil davomida oqshomlari yorug‘, chiroyli bo‘lib tursa yomonmi?

Darvoqe, surishtirib Samarqand shahrida bitta ana shunday korxona borligini bildik. Ammo bog‘lanib, gaplashishning hech iloji topilmadibayramgacha nihoyatda band bo‘lisharkan. Demak, talab oshib bormoqda. Besh-oltita korxona ochib, o‘nlab yangi ish o‘rinlari yaratish vaqti ham keldi, nazarimizda.

Anvar MUSTAFOQULOV.