"Biz hamqishloqmiz, bilasizmi?"
Ustoz jurnalistning yana bir usuli bor. Qaysi mahalla, viloyatning olis qishlog‘iga bormasin, albatta, o‘sha yerda istiqomat qilgan, xalq orasida hurmat qozongan insonlar haqida gapiradi. Buning uchun atay manba titkilamaydi, so‘rab-surishtirmaydi. Qariyb qirq yillik mehnat faoliyati davomida viloyatimizning deyarli barcha go‘shalarini ko‘rgan, qanchadan-qancha odamlar ko‘rsatuv, lavhalari qahramoni bo‘lgan. Quvvai hofizasining yaxshiligi sabab bu odamlarni yodida saqlaydi. O‘sha qishloqqa borganida suhbatni shu odamlarning yaxshi ishlaridan boshlaydi. Ular faoliyatidan xabardorlar suhbatdan yayrab zavq oladi, bugungi kun quvonchlariyu muammolarini bemalol aytib beradilar.
Ha, yaxshi jurnalist nafaqat insonlar bilan oson muloqot qiladi, balki atrofidagi odamlar, rahbarlarning nuqsonini ham kinoya, tagdor so‘zlar bilan aytib, ularni sergak torttiradi. Abdurasul Ashurovda barcha jurnalistga xos bo‘lmagan bu kabi xususiyatlar shakllangan.
Abdurasul aka Ishtixonning Mopar qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. Toshkentda jurnalistika sabog‘ini olgan. Nurobod tuman gazetasida faoliyatini boshlab, mana 36 yildirki, viloyat teleradiokompaniyasida mehnat qilmoqda.
– Abdurasul akaning sa’y-harakatlari bilan televideniyeda "Vatan sajdagoh kabi muqaddas", "Vatan yagonadir...", "Samarqand sayqali", "Mahalla – mo‘’jaz Vatan", "O‘zbekiston – umumiy uyimiz", "Qadriyat", "Muqaddas burch", "Vatanimga xizmat qilaman" kabi qator ko‘rsatuvlar tashkil etilgan, – deydi Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi direktori F.To‘rayev. – Bu ko‘rsatuvlar orqali hudud ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotiga doir yangiliklar, jamiyatdagi dolzarb muammolar va ularning yechimi xususida tahliliy materiallar berib borilmoqda.
Shuningdek, "Bog‘ibaland anjirlari", "Ona tilim – jonu dilim", "Boringizga shukur", "Salomat bo‘ling", "Oltin vasvasasi", "Qorako‘lchilik istiqbollari" kabi ko‘rsatuvlari teletomoshabinlar tomonidan e’tirof etilgan.
A. Ashurov O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi sifatida soha rivojiga, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shib kelmoqda. Bugungi kunga qadar 50 dan ortiq shogirdlari shu sohada samarali mehnat qilayotir. Mehnatlari munosib e’tirof etilib, respublika, viloyat miqyosidagi ijodiy tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallagan. 2007 yilda "Shuhrat" medali bilan mukofotlandi. Uch nafar farzandning otasi, oilada ham munosib muhit yarata olgan inson.
Ustoz jurnalistni qutlug‘ oltmish yoshi bilan muborakbod etib, jo‘shqin ijodiy faoliyati bardavom bo‘lishini istaymiz.
Husan ELTOYeV.