Biz kundalik foydalanib kelayotgan narsalarni kim o‘ylab topgan?

Biz kundalik faoliyatimizda ko‘p narsalardan foydalanamiz, ularni ko‘ramiz va bilamiz. Ba’zan o‘zimizga bu narsani kim ixtiro qilgan ekan, u nima oqibatida va qanday paydo bo‘lgan, degan savolni beramiz. Bugun  dunyoga mashhur ixtirolarning ozgina qismining kelib chiqishi to‘g‘risida so‘z yuritamiz.

Mahsulotlarni muzlatib qo‘yish

Amerikalik ixtirochi, tadbirkor va tabiatshunos Klarens Frank Byordsay II zamonaviy oziq-ovqatlarni sanoatda muzlatib qo‘yish g‘oyasi muallifi hisoblanadi. 1912 yildan 1915 yilgacha u Nyufaundlendda bo‘lgan va -40 darajadagi sovuqda tutgan balig‘i shu zahoti muzlab qolganini va eritilganda ta’mi buzilmasdan, hozirgina tutilgan baliqdek bo‘lganini aniqladi.

Shuningdek, Byordsay tijoriy maqsadda foydalanishga moslashtirib tez muzlatish usulini joriy qildi. 1929 yilda uning kompaniyasi yigirma yetti turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini – go‘shtdan tortib baliqqacha, rezavor mevalardan no‘xat va ismaloqqa qadar muzlatish, saqlash va qadoqlash texnologiyasini sanoat miqyosiga yetkazib to‘liq quvvat bilan ishlay boshladi.

 Uyali aloqa va Wi-Fi

Bunga ishonish qiyin, biroq 1941 yilda aktrisa Hedi Lamarr efir chastotasini dinamik ravishda o‘zgartirish natijasida dushman aloqasini qiyinlashtiradigan maxfiy-harbiy aloqa moslamasiga patent oldi. Hozirgi kunda mobil telefonlar va Wi-Fi  qurilmalari shunga asoslangan.

 Avtomobil oynatozalagichi

Uzumchi-bog‘bon Meri Anderson 1903 yilda qor bo‘roni paytida mashina old oynasidagi qorni belkurak bilan olib tashlash uchun har daqiqada mashinani to‘xtatishga majbur bo‘lgan haydovchiga e’tibor qaratdi. Shundan so‘ng u mashina ichidan dastak orqali boshqarilib, old oynaning tashqi tomonida o‘rnatilgan artgich rezina  - avtomobil oynatozalagichini ixtiro qildi.

 Kiyim ilgak (veshalka)

1903 yilda sim zavodida ishlagan Albert Parkxaus ishchilarning doimiy ravishda paltolariga ilmoq yo‘qligi haqidagi shikoyatlariga javoban kiyim ilgaklarni ixtiro qildi. 1932 yilda ho‘l kiyimlar osilib, g‘ijimlanib qolmasligi uchun ilgaklarga karton qo‘shildi, shu tariqa katta hajmli ilgaklar paydo bo‘ldi.

Bir marta ishlatiladigan stakan

Fizik Xyu Mur e’tiborini ichimlik suvi bochkalariga zanjirga bog‘lab qo‘yilgan krujka tortdi, negaki undan hamma suv ichardi. Ushbu krujka infeksiyaning tarqatuvchisi ekanligini isbotlagandan so‘ng, uni bir martalik qog‘oz stakanlarga almashtirishni taklif qildi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.