Bizda kadastr sohasi qachon zamonaviylashadi?

Bu savolga javob topish uchun Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Qurilish va Innovatsion rivojlanish vazirliklari bilan hamkorlikda xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya tashkil etdi va unga Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari, olimlar, “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti hamda Kadastr agentligi vakillarini taklif etdi.

Konferensiyada kadastr sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlashning muammo, yechim va istiqbollari, qishloq xo‘jaligida yerlarni kadastr baholashning zamonaviy uslublari, davlat shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimi geoportali imkoniyatlari haqida gapirildi. Ushbu yo‘nalishlarda Ozarbayjon, Rossiya, Turkiya, Mo‘g‘uliston tajribasi to‘g‘risida ushbu davlatlar olim va mutaxassislarining fikrlari eshitildi.

– Yurtimizda kadastr sohasi ham bugun tubdan isloh qilinib, qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa sohalar bo‘yicha yer va yer bilan bog‘liq munosabatlar xalqaro tajriba asosida tartibga solinmoqda, – deydi SamDAQI o‘qituvchisi L.Ibragimov. – Bu boradagi boshqaruv tizimi ham takomillashib, kadastrlar palatasi, Davlat soliq qo‘mitasi huzurida davlat kadastr agentligi tashkil etildi. Boshqaruvi o‘zgarishi bilan birga endi faoliyatni ham zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yish zarur. Bunda ilm-fan va innovatsiyalardan amaliyotda samarali foydalanish zarurati yuzaga kelmoqda. Konferensiyada aynan shu kabi masalalarda amaliyotchilar bilan fikrlashildi.

Anjuman davomida ishtirokchilariga institutda mazkur soha bo‘yicha kadrlar tayyorlash, agentlik bilan hamkorlik haqida batafsil ma’lumot berildi.

SamDAQI axborot xizmati.