Bizda Qorako‘ldagidek maktab bo‘ladimi?

Qorako‘l Buxoro viloyatining olis cho‘l tumani bo‘lib, u yerda zamonaviy shart-sharoitga ega bo‘lmasa-da, mashhur maktab bor. Unga 7-sinfdan iqtidorli bolalar saralab olinadi. Maktab bitiruvchilarining 95 foizdan ortig‘i oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiryapti. Buni yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda alohida e’tirof etdi.

Maktabni mashhur qilgan qishloqning fidoyi o‘qituvchisi To‘xtamurod Jumayevdir. Bayram arafasida u “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Ta’lim maskani erishayotgan yutuqlar inobatga olinib, o‘tgan yili u Xalqaro matematika maktabiga aylantirildi.

Xalqaro maktabda xorijiy mamlakatlar fuqarolari ham shartnoma asosida ta’lim olishlari mumkin.

Shuningdek, o‘quvchilarga yanada chuqurroq bilim berish maqsadida xalqaro maktabga xorijiy mamlakatlardan ham o‘qituvchilarni ishga qabul qilishga ruxsat etildi.

Prezident o‘z nutqida nega boshqa viloyatlarda bunday ta’lim maskani yo‘qligini qayd etdi. Olti oy muddat ichida Xorazm, Samarqand, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ham mana shunday ixtisoslashgan maktablar tashkil etishga topshiriq berdi.

Samarqandda matematikaga ixtisoslashtirilgan maxsus maktab tashkil etiladi

- Samarqand shahridagi 1- va 10-son Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari 229 nafar boladan 145 nafarga qisqardi, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Abduhoshim Ziyodov. - Ota-onasi bor bolalar o‘z oilasi bag‘riga qaytdi. Shu munosabat bilan ikkala mehribonlik uyi 1-son Mehribonlik uyiga birlashtirildi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi viloyat hokimiga shahardagi 10-son Mehribonlik uyini matematika faniga ixtisoslashgan maktab-internat qilish taklifi bilan chiqqandi. Viloyat hokimi ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi. Ikki oy muddatda Mehribonlik uyi binosi matematikaga ixtisoslashtirilgan 300 o‘rinli maktabga moslashtiriladi. Maktabga iqtidorli, tajribali va bilimli o‘qituvchilar ishga qabul qilinadi.

Bu yil maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari oshdi

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yilida viloyatimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 53583 nafar o‘quvchi bitirdi. Ularning 2187 nafari kasb-hunar texnikumlariga, 46528 nafari oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirdi.

Bugungi kunda maktablar kesimida bitiruvchilarning OTMga o‘qishga kirganligi tahlil qilinmoqda. 2020 yil 8 oktyabr holatida, bitiruvchilarning 5700 nafari oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi. Ularning 192 nafari xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi.

- Bu yil viloyatda maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi 3 foizga oshdi, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qo‘ldosh Saidov. – Buning uchun, avvalo, targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirdik, ota-onalar bilan yanada ko‘proq ishladik. Ularga farzandining kelajagi uchun o‘qishini davom ettirishi kerakligini tushuntirdik. Shuningdek, xalq ta’limi bo‘limlari va maktablarda bitiruvchilarning onlayn hujjat topshirishi uchun sharoit yaratdik. Bu ham o‘quvchilarga yordam bo‘ldi. Natijada, bu yil Samarqand shahri, Oqdaryo, Paxtachi tumanlarida bitiruvchilardan birortasi o‘qishga kirmagan maktablar qayd etilmadi.

Bundan tashqari, sentyabr oyidan 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarga variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv reja asosida darslar tashkil etilyapti, ya’ni ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘tilyapti. O‘tgan yili variativ o‘quv reja asosida darslar sinov tariqasida joriy etilgandi. Bunday o‘qitish tizimi o‘quvchilarning oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishiga ko‘maklashadi hamda ota-onalarning repetitorga ehtiyojini kamaytiradi.

***

Tahlil natijalariga ko‘ra, Samarqand shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 37 nafar bitiruvchisidan 30 nafari oliy o‘quv yurti talabasi bo‘ldi. Shahardagi 37-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 169 nafar bitiruvchisidan 122 nafari, Oqdaryo tumanidagi 52-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining 45 nafar bitiruvchisidan 31 nafari ham test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Shuningdek, Narpay tumanidagi 52-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 115 nafar o‘quvchisidan 61 nafari, Ishtixon tumanidagi 1-IDUMning 43 nafar o‘quvchisidan 22 nafari, Qo‘shrabot tumanidagi 75-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 6 nafar o‘quvchisidan 3 nafari, Narpay tumani 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 55 nafar o‘quvchisidan 22 nafari, Past Darg‘om tumanidagi 1-IDUMning 23 nafar o‘quvchisidan 11 nafari, Past Darg‘om tumani 28-IDUMning 53 nafar o‘quvchisidan 23 nafari, Kattaqo‘rg‘on tumani 88-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 16 nafar bitiruvchisidan 7 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi.

2018-2019 o‘quv yilida viloyatimizdagi 1236 maktabni 30983 nafar o‘quvchi bitirib, ularning 2556 nafari, ya’ni 8,2 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan edi. Bu yil esa o‘qishga hujjat topshirgan 46528 nafar bitiruvchidan 5736 nafari o‘qishga kirdi.

Samarqand shahrida ham mashhur maktab bor

Dilafro‘z Jaynalova, Samarqand shahridagi 1-IDUM direktori:

- Maktabimiz matematika-fizika faniga ixtisoslashgan bo‘lib, o‘quvchilar 5-sinfdan saralab olinadi. O‘tgan o‘quv yilida maktabimizning 67,4 foiz o‘quvchisi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich 81,1 foizni tashkil etdi. Maktabimiz har yili viloyatda ta’lim sifati ko‘rsatkichi bo‘yicha yuqori o‘rinda turadi. Sababi, biz faqat bilimli, qobiliyatli o‘quvchilarni saralab olamiz. Saralash bosqichi qanday bo‘ladi? Birinchi bosqichda talabgorlardan hujjatlar qabul qilinadi. Ikkinchi bosqichda o‘quvchilardan psixologik test olinadi. Keyingi bosqichda Davlat test markazi tomonidan o‘quvchilarning yoshiga mos tuzilgan test savollari asosida imtihon qilinadi.

Xurshida ERNAZAROVA,

«Zarafshon» muxbiri.