Bizga faqat bino berilgan. Hovlida odamlarga qulaylik yaratolmaymiz

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmatining xatini o‘qib shunday xulosa qilish mumkin.
Unda jumladan, shunday deyiladi:
"Bugun zarnews.uz rasmiy veb-saytida “Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi oldidagi avtoturargoh nima maqsadda qurilgan?” sarlavhali xabar e’lon qilindi.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi shuni ma’lum qiladiki, Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi oldidagi avtoturargoh markazga qarashli emas. Mazkur avtoturargoh tadbirkorga qarashli bo‘lib, markaz joylashgan binodagi xonadonlarga ko‘chib keluvchi aholi hamda tadbirkorlik sub’yektlariga mo‘ljallangan.
Bugungi kunda markaz rahbariyati tadbirkor bilan mazkur avtoturargohni fuqarolar uchun ham ma’lum shartlar asosida xizmat ko‘rsatishini yo‘lga qo‘yish borasida muzokara olib bormoqda.
Bundan tashqari, Samarqand shahar davlat xizmatlari markaziga keluvchi fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ushbu ko‘p qavatli binoning orqa tomonida alohida avtoturargoh tashkil etish ko‘zda tutilgan. Biroq hududda joylashgan xonadonlarni “snos” qilish masalasi ortga surilayotgani bois avtoturargohni qurish ishlari ham kechikmoqda.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi ushbu noqulaylik uchun fuqarolardan uzr so‘raydi."
P/s: Munosabat-maqolani o‘qirkanmiz, yana bir qator savollar tug‘ildi. Xo‘sh, tadbirkor bilan qurilish bo‘yicha shartlashilayotgan "stoyanka" e’tiborga olinganmi?
Olingan bo‘lsa, nega tadbirkorga berilgan? Ko‘p qavatli uy qurish uchun tekin berilgan yer maydoni yetarli emasmi?
Umuman, muayyan binolarni qurish davrida aholiga, bu yerga tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish haqida qachon o‘ylab ko‘riladi?
Mutasaddilar tayinli javob beradi, degan umiddamiz.