Biznes-ombudsman – tadbirkorlarning ishonchli himoyachisi

Samarqand viloyat Matbuot uyida viloyatimizda Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni (Biznes-ombudsman) faoliyat boshlagani haqida ommaviy axborot vositalari vakillari va jamoatchilikni xabardor etish maqsadida brifing o‘tkazildi.

Tadbirda ushbu vakil devoni bosh inspektori J.Tursunov va yetakchi inspektor Sh.Shodiyev Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning vazifalari haqida axborot berdi.

Ta’kidlandiki, Prezidentimizning 2019 yil 15 martdagi “Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining yangilangan tuzilmasi va shtatlar jadvali tasdiqlanib, shu asosda hududlarda ham vakil devonining inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Jumladan, viloyatimizda Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni inspektori Samarqand shahar xalq qabulxonasi (Samarqand shahri, A.Jomiy ko‘chasi, 59-uy)da faoliyat boshladi.

-  Asosiy faoliyatimiz tadbirkorlarni huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, - deydi J.Tursunov. – Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan nazorat qilishdan iborat. Biz qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan ziddiyat va noaniqliklarni tadbirkorlar foydasiga hal etish borasida xizmat ko‘rsatamiz. Bu masalada muammoga duch kelgan tadbirkorlarga ko‘mak berish uchun eshigimiz doim ochiq.