Bloger 60 nafar talabaning kontraktini to‘lashga yordamlashdi
Huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev telegram kanalida 30 sentyabrgacha davom etadigan talabalar uchun maxsus aksiya tashkil qildi.
Unga ko‘ra, tadbirkorlar ilk marotaba @xushnudbek kanalida reklama joylashtirish imkoniga ega bo‘lishdi. Reklama evaziga esa ehtiyojmand talabalardan birining kontraktini to‘lab berishi talab etildi.
Tadbirkorlar uchun talabalar ro‘yxati maxsus anketa orqali mushtariylardan so‘rovlar qabul qilindi. O‘rtada shubha paydo bo‘lmasligi uchun tadbirkorlar bevosita talabalarning o‘zi bilan bog‘lab berildi.
Aksiya doirasida bugungi kungacha 60 nafar (47 nafar chin yetim, 13 nafar otasi vafot etgan) talabalarning to‘lov-shartnoma puli to‘lab berildi. Hozirda yana 4 nafar talabaning kontraktini to‘lash jarayonlari ketmoqda.
To‘langan 60 nafar talabaning 59 nafari kunduzgi, 1 nafari sirtqi ta’limda o‘qiydi. Kunduzgi ta’limda 49 nafar talabaga 1 yillik, 10 nafar talabaga yarim yillik kontrakt to‘landi (barchasi stipendiyali ko‘rinishda). 1 nafar sirtqi ta’lim uchun yarim yillik to‘lab berildi.
Hududlar kesimida qaralganda, Samarqand viloyati bo‘yicha 8 nafar talabaning kontrakti to‘lab berilgan.
Xushnudbekning ta’kidlashicha, chiqqan reklamalar soni ancha kam, to‘langanlar ko‘p. "Ayrimlar reklamani rad etib, shunchaki ehson qilishdi. Masalan, ro‘yxatdagilarning 80 %ga bitta kompaniya to‘lab berdi va nomi sir qolishini istadi. Shuningdek, ayrim reklamalar hali chiqmadi, navbati bilan e’lon qilinadi", deb yozgan bloger.
@xushnudbek kanali hozirda eng yirik o‘zbekcha telegram kanallardan biri bo‘lib, a’zolari soni 174000 ga yaqinlashdi.
Blogerning xayrli ishlarida doim omad va muvaffaqiyat tilaymiz!