BMT bosh kotibi: “Biz falokatga yuz tutyapmiz”

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Pokistonga tashrifi davomida mamlkaat bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrasharkan tabiat va inson faoliyati haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Avval aytilganidek, Pokistonda bu yil tabiat hodisalaridan misli ko‘rilmagan vayronagarchiliklar sodir bo‘ldi. Ko‘plab mintaqalarida suv toshqinlari 33 millionga yaqin odamga zarar yetkazdi, 1100 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 1600 ga yaqin kishi jarohat oldi. Binolar, ko‘priklar va yo‘llar vayron bo‘ldi.

BMT rahbari ushbu fojiada yaqinlarini yo‘qotgan barchaga hamdardlik bildirdi: “Pokiston yordamga muhtoj, men xalqaro hamjamiyatga ushbu inqirozlarga qarshi turish uchun Pokiston moliyaviy yordamga muhtoj ekanini bildirmoqchiman. Bugungacha bo‘lgan hisob-kitoblarga ko‘ra, talofatlar 30 milliard dollarga yetgan va bu miqdor o‘sishda davom etmoqda", dedi Antonio Guterrish.

“Pokiston iqlim o‘zgarishiga eng kam ta’sir o‘tkazgan mamlakatlardan bo‘lsa ham bu o‘zgarishlardan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlardan biri bo‘ldi”, — dedi Antonio Guterrish. U xalqaro hamjamiyat, ayniqsa, chiqindilari yuqori bo‘lgan davlatlar buni tan olishi zarurligini ta’kidladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari dunyo hamjamiyatini mamlakatning vayron bo‘lgan infratuzilmasini tiklashda yordam berishga chaqirdi.

“Biz falokatga yuz tutyapmiz”

"Falokatga yuz tutayotganimizni tan olish vaqti keldi. Biz tabiatga urush ochdik va tabiat halokatli qasos bilan javob berdi. Bugun Pokistonda sodir bo‘layotgan voqea ertaga istalgan mamlakatda sodir bo‘lishi mumkin”, — deya ogohlantirdi Guterrish. Shuningdek, u BMT Pokistonga gumanitar yordam ko‘rsatishini eslatib o‘tdi. Bu rejani amalga oshirish uchun tashkilot ko‘ngillilardan mablag‘ so‘ralgan. BMT bosh kotibi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishdagi pokiston aholisi, mamlakatdagi nodavlat tashkilotlar va hukumat tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlarni yuqori baholagan.