Bobolarimiz xizmati qadr topdi
O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko‘ra, ma’rifatparvar jadidchilik harakati namoyandalari qatorida bobom – Mahmudxo‘ja Behbudiyning Vatanimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganini eshitib, ko‘zimga yosh keldi. Butun umrini, hayotini ma’rifatga, maorifga bag‘ishlagan shunday buyuk inson shajarasi davomchisi ekanimdan qalbimda juda katta faxr, iftixor tuydik. Bir men emas, butun qarindosh-urug‘larimiz, Behbudiy avlodlarining bu quvonchli xabardan boshimiz ko‘kka yetdi, bir-birimizni tabrikladik. Do‘stu yorlarimiz ham qo‘ng‘iroq qilib, samimiy dil izhorlarini bildirishdi.
Bu yil buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludiga 145 yil to‘ldi. Prezidentimizning alohida e’tiborlari bilan ushbu sana keng nishonlanmoqda. Toshkentda yangi ochilgan Adiblar xiyobonida bobomiz haykali o‘rnatilgani, jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi stipendiya ta’sis etilgani, Samarqand shahrida uy-muzey ochilayotgani va ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilayotgani ulug‘ alloma, jadidchilik harakatining yetuk namoyandasi xotirasiga bo‘lgan yuksak ehtirom namunasidir.
Bobomiz hayotini ma’rifatga bag‘ishladi, bir umr shu maqsad bilan yashadi. Xalqni turli ma’raka-marosimlardan voz kechib, farzandlarini o‘qitishga chorladi. Ularga til o‘rgatish, zamonaviy ilmlardan saboq berishni ertangi yorug‘ kelajak bilan bog‘ladi. Gazeta-jurnal nashr etib, xalqni uyg‘onishga chorladi. Teatr ibratxonadir, degan da’vat bilan ilmsizlik qanday oqibatlarga olib kelishini “Padarkush”da ko‘rsatib berdi.
Afsuski, o‘sha davrning o‘nlab hurfikr kishilari, jadidlar qatori bobomiz ham tuzum qurboni bo‘ldi. Ammo u kishining asarlari, maqolalari hamma davr va zamonlarda ham o‘z qadr-qimmati va ahamiyatini yo‘qotmay, xalqni ma’rifatga boshlab kelmoqda. Ayniqsa, bugun mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, ilmga juda katta e’tibor qaratilayotgan bir paytda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Ibrat singari ma’rifatparvarlarning qarashlari, ular ilgari surgan g‘oyalar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining ma’ruzasini tinglab bunga yana bir bor amin bo‘ldim. Prezidentimiz mamlakatimizning ertasi, taraqqiyoti ta’lim tizimiga bog‘liqligini alohida qayd etib, bu borada mutasaddi vazirliklar, mahalliy hokimliklar, o‘qituvchi va murabbiylar, ota-onalar oldida turgan vazifalarni sanab o‘tdi. Endi hamma gap har bir kishi bu vazifalarni his qilib, amalga oshirishga initilishida deb o‘ylayman. Shunday yo‘l tutsak, bundan jadid bobolarimizning ham ruhi shod bo‘lgay.
Shohruh BEHBUDIY,
Mahmudxo‘ja Behbudiyning evarasi.