Bog‘cha bolasi boshqacha bo‘ladi

Ishtixon shahridagi 3-MTMda 27 yildan buyon faoliyat yuritaman. Bugun bolajonlarga saboq berish biz, tarbiyachilarga ham zavq bag‘ishlaydi, ham mas’uliyat yuklaydi. Shu kungacha "Tayanch bolajon" va "Bolajon" dasturlari bilan ish olib borganmiz. Joriy yil sentyabr oyidan "Ilk qadam" dasturi asosida bolajonlarga ta’lim-tarbiya bermoqdamiz. Dastur beshta yo‘nalishni qamrab oladi. Bular: jismoniy rivojlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, nutq, muloqot, o‘qish va yozish ko‘nikmalari, bilish jarayonining rivojlanishi, ijtimoiy-hissiy rivojlanish hamda ijodiy rivojlanishni amalga oshirishda kompleks yondashuvni ko‘zda tutadi.

"Klaster", "Zinama-zina", "Baliqcha" kabi o‘yinlar orqali bolalarning intellektual salohiyatini oshiryapmiz.

Shuningdek, italiyalik pedagog Mariya Montessori uslubi bo‘yicha ham mashg‘ulotlar olib boryapmiz. Mazkur uslubning asosiy jihati, har bir bolaning yagona va takrorlanmasligiga bo‘lgan ishonch, o‘ziga xos rivojlanish rejasi, uni o‘rab turgan dunyoni o‘rganish usullari va muddati kishining e’tiborini o‘ziga tortadi. Shuning uchun Montessori bolaga dunyoni o‘z rivojlanish darajasida o‘rganish, ish uchun u yoki bu materiallarni o‘zi tanlash imkonini beradi.

Bola o‘z iqtidorini rivojlantirishi uchun Montessori uslubida imkoniyat katta. Buning uchun bolaga dunyo to‘g‘risidagi bilimlarini bir tizimga solishga yordam beradigan tayyor muhit yaratilgan.

Bog‘chamizda har bir guruhda quruvchi, shifokor, uy bekasi, tikish-bichish, rassomchilik burchaklari tashkil etilgan. Bolalar kun tartibini erkin belgilaydi. Kimdir surat chizadi, kimdir o‘zining xohlagan o‘yin burchagida o‘ynaydi, kimdir ertak kitoblarni o‘qishimizni talab etadi. Bu orqali bolalarning qiziqishlari ham erta shakllanadi.

Muassasamizda 8 guruhda tarbiya­lanayotgan 250 nafar bolaning barchasiga belgilangan reja asosida mashg‘ulotlarni olib borishga harakat qilamiz.

"Iqtidorsiz bola bo‘lmaydi", deydilar. Iqtidorni to‘la shakllantirib, uni iste’dod darajasiga yetkazish tarbiyachilarning mehri va mahoratiga bog‘liq.

 

Iqbol UBAYDULLAYeVA,

Ishtixon tumanidagi 3-MTM tarbiyachisi.