Bog‘chalar qay tartibda faoliyat boshladi?
Respublikamizda karantin cheklovlari yumshatilgach, ta’lim dargohlari faoliyati bosqichma-bochqich qayta tiklanmoqda. Jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham. Bugun viloyatimizda nechta bog‘cha faoliyatini boshladi? Ularga qanday talablar qo‘yilgan? Ota-onalar nimalarga ahamiyat berishi lozim? Shu kabi savollarga viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilfuza Azizova javob berdi.
- Karantin davrida barcha bog‘chalarimizda dezinfeksiya ishlari olib borildi, – deydi D.Azizova. – Mashg‘ulotlarimiz onlayn tarzda tashkil etildi. Respublikamizda karantin cheklovlari yumshatilgach, dastlab xususiy bog‘chalar bolajonlarni o‘z bag‘riga oldi. Maktabgacha ta’zim vazirligining “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yangi o‘quv yilini sentyabr oyidan an’anaviy va masofaviy shaklda bosqichma-bosqich boshlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan viloyatimizdagi mavjud 675 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini mahalliy Kengash qarori hamda sanitariya –epidemiologik osoyishtalik markazi xulosasi asosida bosqichma-bosqich boshlamoqda. Bugungi kunda 369 bog‘chaga SEOM xulosasi berilgan bo‘lsa, 549 bog‘cha mahalliy Kengash qaroriga ega. Shulardan 345 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti vaqtinchalik sanitariya-gigiyenik talablar asosida o‘z faoliyatini boshlagan.
Viloyatimizda bugungi kunda davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida 17854 nafar xodimning 15926 nafari koronavirusga test topshirdi. 13910 nafarining javobi chiqdi hamda 254 nafar xodimda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bugungi kunda ular belgilangan tartibda davolanmoqda.
Bog‘chalarda vaqtinchalik sanitariya-gigiyena talablari o‘zgardi
Bolalarni bog‘chaga qabul qilishdan boshlab, ularni kuzatishgacha bo‘lgan barcha jarayon nazoratga olindi. Binoga kirishda tana harorati o‘lchanadi, qo‘llari antiseptik vositalar bilan tozalanadi. Guruhlarga kirgach, ustki kiyimlari almashtiriladi, tana harorati kuniga kamida ikki marta o‘lchanadi, ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan chiqqanda, o‘yin va sayrlardan so‘ng qo‘llar majburiy yuviladi. Bog‘chadagi xonalar katta-kichikligiga qarab, guruhlardagi bolalar soni belgilanadi. Mashg‘ulotlar vaqtida oraliq masofa saqlanib, o‘quv qurollari alohida qutichalarga(konteynerlarga) solib qo‘yiladi. Har bir bog‘chada ertalab qabul vaqtida ota-onalar to‘planib qolmasligi uchun guruhlarning kelib-ketish jadvali tuzilgan. Mashg‘ulotlar davomida xonalarning havosi tez-tez almashtirilib, kuniga ikki marotaba xlorli eritma bilan tozalanadi. Hozirda katta guruhlar ochilgan, 4-5 yoshli bolalar uchun o‘rta guruhlar ochilishi oktyabr oyi davomida, 3 yoshli bolalardan iborat kichik guruhlar ochilishi esa noyabr oyiga rejalashtirildi. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 14 turdagi sanitariya-gigiyena vositalari uchun 848 million 154 ming so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ota-onalarga ham talab bor...
Ota-onalardan farzandini bog‘chaga olib kelishda turli o‘yinchoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari keltirmasligini, belgilangan vaqtda kelishini va bolalarning toza-ozoda yurishiga e’tibor berishini so‘rayapmiz Hozirgi pandemiya sharoitida farzandlarimizning sog‘lom ta’lim –tarbiya olishi ota-onalar bilan hamkorlikda ishlashimizga bog‘liq. Belgilangan tartibga ko‘ra, ota-onalarning muassasaga kirishi taqiqlanadi. Lekin “ertalabki filtr” natijalarini kutib, bola MTTga qabul qilinganidan so‘ng ketishlari lozim.
Bugun dunyoda barcha davlatda yangi qoidalar asosida bog‘chalar o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Daniyada bog‘chalarga ota-onalarning kirishi taqiqlanib, bolalarning o‘yinchoqlari va o‘quv qurollari uchun alohida qutichalar joriy etilgan bo‘lsa, Norvegiyada ayrim bog‘chalarda yo‘talish va aksa urish uchun alohida burchaklar tashkil qilingan. Belgiyada har bir bolaning masofa saqlashi uchun kun davomida plastik xalqalar taqishi joriy etildi. Har bir davlat bolalarga sog‘lom ta’lim-tarbiya berish uchun o‘z usulini joriy qildi. Asosiy maqsad bitta - karantin sharoitida ishlayotgan ota-onalarga qulaylik yaratish, farzandlarimizni barkamol voyaga yetkazish.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.