Bojxona auditi tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi
O‘zbekiston Respublikasi bojxona qo‘mitasi tomonidan “Bojxona auditini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali orqali havola qilindi.
Ta’kidlash joizki, bojxona auditi tovarlar chiqarib yuborilgandan so‘ng aniqlashtirilishi talab etiladigan, ya’ni bojxona organlari tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlar to‘g‘ri va maqsadli qo‘llanilganligi, shartli chiqarib yuborilgan tovarlar belgilangan cheklovlarga rioya etilayotganligi, tarif preferensiyalari uchun taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligi va boshqalarni aniqlashtirish uchun amalga oshiriladi.
Bojxona auditi o‘tkaziladigan vakolatli shaxslar (deklarant, tashuvchi, vakolatli iqtisodiy operatorlar, bojxona omborlari egasi va boshqalar) ma’lum tanlov mezonlari asosida tanlab olinib, ularni dastlab bojxona auditidan o‘tkazilishi haqida xabardor qilingan so‘ng belgilangan tartibda bojxona auditidan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Bojxona auditidan o‘tkaziladigan shaxslar xabardor qilingandan keyin, ularga o‘zlarni bojxona auditining vazifasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda ichki tekshiruvni yoki auditorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga murojaat qilib mustaqil ravishda auditorlik tekshiruvini o‘tkazishi mumkin.
Bojxona auditini bojxona organlarida joriy etilishi tadbirkorlik sub’yektining ham vaqtini va moliyaviy xarajatlarini qisqarishiga, tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish jarayonlarning tezlashishiga olib keladi.
Rivojlangan xorijiy davlatlar (Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, G‘arbiy Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari) bojxona tizimi amaliyotida bojxona auditi allaqachon joriy etilgan.
Jahon bojxona tashkiloti bojxona auditini tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan amaliyotga joriy etilishi tovarlarning 80-90 foizgacha chegarada kutish vaqtini qisqarishini e’tirof etgan.
Shuningdek Jahon savdo tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bojxona auditining amaliyotga joriy etilishi savdo xarajatlarining 14,3 foizga kamayishiga va jahon savdosini 1 trln. AQSh dollariga oshishiga olib kelishini o‘z tavsiyalarida ta’kidlab o‘tgan.
2011 yilda BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (YuNKTAD) tomonidan bojxona auditining joriy qilinishi tovarlarning 80-90 foizgacha miqdorini tezlikda erkin muomalaga chiqarib yuborishga olib kelishini tasdiqlaydi.
YuNKTAD mazkur tavsiyasida bojxona auditi natijasida tovarlarni sug‘urta qilish, omborlarda saqlash va boshqa xarajatlarining kamayishiga olib kelishini hamda tovarlarni yanada samarali bojxona nazoratidan o‘tkazish vositasi ekanligini ma’lum qiladi.
Qaror loyihasi muhokamasi 2020 yil 13 sentyabrga qadar davom etadi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.