Bojxonachilar qariyb 11,9 mlrd. so‘mlik tovarlarni almashtirib qo‘yish operatsiyasini fosh qildi
Bojxonachilar xorijdan keltirilgan tovarlar uchun bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash maqsadida sodir etilgan navbatdagi nayrangga chek qo‘ydi.
Gap shundaki, Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan tadbirkorlik sub’yektlaridan birining nomiga xorijdan keltirilgan yuk konteyneridagi tovarlar, ya’ni kosmetika va pardoz vositalari belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun “Qo‘qon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yo‘naltiriladi.
Ammo, mazkur konteynerdagi tovarlar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida esa, kosmetika va pardoz vositalari o‘rniga salkam 1,5 tonna shisha idishlar hamda 21 tonnadan ziyod kir yuvish kukunlari ortilganligi aniqlandi. Bu esa yuklar yo‘l davomida almashtirib qo‘yilganligini anglatar edi.
Shundan so‘ng tezkor guruh tomonidan amalga oshirilgan tadbirlar natijasida yuk konteynerini olib kelgan haydovchi izlab topiladi. Uning ko‘rsatma berishicha, konteynerdagi tovarlar poytaxtning Bektemir tumanidagi omborlardan biriga tushirib qoldirilgan.
Holat yuzasidan kechiktirib bo‘lmas tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, zudlik bilan ushbu ombor ko‘zdan kechirildi. Ammo, bu vaqtda omborga tushirilgan tovarlar boshqa transport vositasiga ortilib, bu yerdan ham olib chiqib ketilganligi ma’lum bo‘ldi.
Tezkor xodimlar esa ushbu yuklarni olib chiqib ketgan avtotransport vositasini zudlikda aniqlashdi. Qarangki, undagi yuklar Samarqand viloyati Urgut tumanidagi tadbirkorlardan birining omboriga tushirilgan ekan.
Mazkur ombor belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, bu yerda 461 turdagi salkam 721 ming dona kosmetika va pardoz vositalari, shuningdek shisha idishlar va kir yuvish kukunlari saqlanayotganligi aniqlandi.
Ushbu tovarlarning umumiy qiymati esa 11 mlrd. 881 mln. 700 ming so‘mni tashkil qilmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ta’kidlash joizki, yil boshidan buyon respublikamiz bojxonachilari tomonidan aniqlangan 7700 dan ortiq bojxona qonunbuzilishi holatlarida 547 mlrd. so‘mlik tovarlarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.
Samarqand viloyati bojxona
boshqarmasi axborot xizmati.