Bolalarga atab o‘tkazilgan konsertda tomoshabinlar ham jo‘r bo‘ldi

Samarqand shahridagi konsert zalida viloyatdagi bolalar musiqa va san’at maktablarining hisobot konserti bo‘lib o‘tdi.

Yurtboshimiz ilgari surgan 5 ta tashabbus doirasida o‘tkazilgan tadbirda konsert zalining foyesi bayramona bezatilib, o‘quvchi-yoshlar tomonidan tayyorlangan suratlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Tadbirda viloyatdagi 30 ta bolalar musiqa va san’at maktabining iqtidorli o‘quvchilari hamda o‘qituvchilari ijrosida milliy va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar yangradi. Ayniqsa, badiiy rahbarlar Abdurasul Nasrullayev va Bo‘ron Nosirov boshchiligida 16 va 22-son bolalar musiqa va san’at maktabining  respublika va xalqaro tanlov sovrindorlari tomonidan kuylangan “Katta ashula” nomli musiqiy chiqish ishtirokchilar tomonidan iliq qarshi olindi.

Tadbir davomida ijro etilgan “Farg‘onacha  jonon”, “Bir yolg‘ondan qirq yolg‘on”, “Soz sehri”, “O‘ynasin”, “Lola raqsi”, “Navo” va “Bahor nashidasi” nomli kuy va qo‘shiqlarga tomoshabinlar ham jo‘r bo‘ldi.