Bo‘lgan voqea: "Otang bir kuni keladi, bolam..."

- Allo, assalomu alaykum, bu ehsonchi akaning telefonlarimi?

- Va alaykum assalom,  labbay, nima xizmat?

- Shu nomerni berishuvdi...

- Juda yaxshida, nima muammo bor, aytavering?..

- Shu desangiz, uch nafar yosh bolam 4 kundan beri faqatgina non bilan choy ichyapti, xolos...

- Ha, tushunaman, xo‘jayiningiz ishsiz qolgandirlarda.

-  Bir yil bo‘ldi, xo‘jayinim avtohalokat sabab vafot etganlar...

- Tushundim,  Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin! Bugun kech bo‘lib qoldi, manzilingizni ayting, yozib olaman, ertaga inshaalloh peshin vaqtigacha imkon qilishga harakat qilaman.

- Xo‘p bo‘ladi, ammo yana bir bor bezovta qilganim uchun uzr, aka. (Oxirgi so‘zlar yig‘i aralash arang gapirilgan edi)

"Ey Alloh, o‘zing guvohsan, ehson kartamda 28 so‘m pulim bor, xolos. O‘zing boylik bergan bandalaringni qalbiga solgin, ertaga meni shu mushtipar onaning oldida yolg‘onchi qilib qo‘ymagin" - xuftonni shu duolar bilan ado etib ertani kutdim.

Bomdod.

Kartaga qaragani yuragim chopmadi. Soat 10 larda ne ko‘z bilan qarayki, kartada 490 mingdan ortiqroq pul bo‘libdi.

Tezda qo‘ng‘iroq qildim.

Telefondan yosh bolaning shirin ovozi keldi:

- Onajon, ehsonchi aka telefon qilyaptilar, ur-reye, bizga bugun tuxum qovurib berasiz a, ur-reye...

Shu holatda gapira olmasligini o‘zim sezdimda, besh minutda telefon qilaman, deb telefonni qo‘ydim.

...Manzilga yetib borib omonatni topshirish uchun telefon qildim. Uchta go‘dak onasini to‘xta deyishiga qaramay men tomonga o‘qday uchib yugurardi, qo‘limdagi pulni ko‘rib o‘rtanchasi shoshib, "Amaki, bu pullarni bizga dadam berib yubordilarmi, o‘zlari qachon kelarkanlar? Aytib qo‘ying, biz ularni juda sog‘indik", dedi.

Besh qadamcha narida onaizorni ko‘zlari jiqqa yosh bilan daraxtga suyanib qolganini ko‘rdimu, bolajonga pulni berib, "Bolajonim, men dadangga aytaman, tez kunlarda keladi, faqatgina sizlar onajoningizni qiynamay o‘tiringlar", dedim-da ko‘z yoshlarimni yashirish uchun tezda ortga qaytdim...

Manba