Bo‘lg‘usi huquqshunoslar viloyat sudi faoliyati bilan tanishdi
Samarqand viloyat sudida Samarqand davlat universitetining huquqshunoslik fakulteti hamda Samarqand yuridik texnikumi bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Belgilangan reja asosida sudya va sud xodimlari mazkur ta’lim maskanlariga borib ochiq darslar, davra suhbatlari, uchrashuvlar kabi turli tadbirlar o‘tkazadi. O‘z navbatida talabalar ham viloyat sudiga taklif etilib, ular uchun ochiq eshiklar kuni o‘tkaziladi.
Yaqinda talabalar uchun o‘tkazilgan navbatdagi tadbirga Samarqand yuridik texnikumining bitiruvchi kurs o‘quvchilari taklif etildi.
Dastlab viloyat sudi sudyalari talabalarga viloyat sudi faoliyati haqida umumiy tushuncha berdi. So‘ngra o‘quvchilar viloyat sudi binosidagi shart-sharoitlar bilan tanishdi. Viloyat sudi kichik anjumanlar zalida viloyat sudi sudyalari sud tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar, shuningdek, viloyat sudi faoliyati va tuzilmasi haqida tushuncha berishdi.
Tadbir davomida sudyalar va talabalar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Sudyalar o‘z ixtisoslashuvidan kelib chiqib, jinoiy, fuqarolik va iqtisodiy ishlar ko‘rilishi tartiblari haqida gapirdi.
Samarqand viloyat sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.