Bosh prokuratura har bir fuqaroga kundalik tutishni tavsiya qildi

Koronavirus infeksiyasining shiddat bilan tarqalayotgani butun insoniyatni jiddiy tashvish va xavotirga solmoqda.

Har bir davlat o‘z imkoniyati doirasida bu ofatning ta’sirini yumshatish hamda keng tarqalishining oldini olishga harakat qilmoqda, turli mamlakatlarda turlicha favqulodda choralar ko‘rilmoqda.

Biroq vahima va tahlikaga tushmasdan, oqilona, aniq maqsadga qaratilgan qat’iy choralarni ko‘rish, metindek mustahkam tartib-intizom asosida hamjihatlikda harakatlanishgina infeksiyani jilovlashning birlamchi omili bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari hamda bevosita ko‘rsatmalari asosida ana shunday qat’iy, qisqa muddatda samara berishi aniq bo‘lgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ularning to‘liq ro‘yobga chiqarilishi uchun barcha davlat organlari birdek mas’ul ekanini ortiqcha izohlashga hojat yo‘q.

Bosh prokuratura joriy yilning 4 aprelida koronavirus keng tarqalishining oldini olish, tegishli xizmatlarga mazkur kasallikka chalingan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni tezkor ravishda aniqlash va ularning boshqa fuqarolar bilan muloqotini cheklash bo‘yicha ko‘maklashish choralarini belgiladi.

Jumladan, Bosh prokuraturada koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash bo‘yicha idoralararo shtab, hududlarda esa idoralararo ishchi guruhlar tuzildi.

Mazkur guruhlar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan tegishli surishtiruv ishlarini o‘tkazadi, ularning epidemiologik marshruti, kim bilan qachon, qayerda muloqotga kirishganini aniqlaydi.

Fursatdan foydalanib, Bosh prokuratura fuqarolarimizdan bugundan boshlab o‘zlarining kundaliklarini yuritishini so‘raydi.

Har bir fuqaro qachon, kim bilan, qayerda va qay tarzda muloqot qilganini yozib borishi maqsadga muvofiq.

Bu ma’lumotlar avvalo, kasallikning oldini olish, uning tarqalishiga chek qo‘yish, pirovardida minglab odamlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi.

Zotan, aksariyat davlatlar tajribasi infeksiyaning ilk zarbalarini qabul qilib olayotgan tibbiy xizmatning unga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlash hamda tegishli tartibda karantinga joylashtirishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani, davolashga sarfalanadigan vaqt va imkoniyat yo‘qotilayotganini ko‘rsatdi.

Bugun hech bir fuqaroning beparvo bo‘lishga, g‘aflatda qolishga haqi yo‘q.

Har bir fuqaro berilgan tavsiya va ko‘rsatmalarga amal qilmasa, avvalo, o‘zining, oilasining, yaqinlarining va boshqa insonlarning hayotiga xavf tug‘dirishi, hatto umriga zomin bo‘lishi mumkinligini unutmasligi zarur.

Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash bo‘yicha Bosh prokuraturadagi shtab, hududlardagi ishchi guruhlar infeksiyaning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, mudhish oqibatlarning oldini olish borasida barchani hamkorlik va hamjihatlikka chaqiradi.