Bosh prokuratura Yusupovning videomurojaati yuzasidan bayonot berdi
Bosh prokuratura tomonidan internet ijtimoiy tarmoqlarida fuqaro Sh.Yusupov va uning tarafdorlari tomonidan e’lon qilingan videomurojaatlar o‘rganildi.
Unga ko‘ra, Sh.Yusupov onlayn-auksion orqali 326,0 million so‘mga mulk sotib olgan. Lekin huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu mulkni undan olib qo‘yish maqsadida asossiz ravishda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, qamoqqa olmoqchi bo‘lgani, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i va’da bergan bo‘lsa-da, jinoyat ishi bo‘yicha tergov Andijon viloyati prokuraturasidan Namangan viloyat prokuraturasiga o‘tkazilmaganligini bildirgan.
Aniqlanishicha, Sh.Yusupov rahbarligidagi “Yu.” MChJ auksionda ishtirok etib, Oltinko‘l tumanidagi ferma bino-inshootlarini 326,0 million so‘mga sotib olgan.
Mazkur ferma bino-inshootlari Sh.Yusupovga tilxat asosida topshirilib, auksionga qo‘yilmagan bino-inshootlar, mol-mulklar va chorva mollari tegishli tartibda olib chiqib ketilishi tushuntirilgan.
Sh.Yusupovning murojaatiga asosan Majburiy ijro byurosi (MIB) Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, MIB xodimlari tomonidan hujjatlarga auksionda sotilgan mulk haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar kiritilganligi holati yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 205-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov harakatlari davomida ferma bino-inshootlari Sh.Yusupov tomonidan sotib olingani, MIB xodimlari tomonidan ogohlantirilgan bo‘lsa-da, auksion savdolariga qo‘yilmagan va g‘oliblik bayonnomasiga kiritilmagan 300,0 million so‘mlik qurilish mahsulotlarini sotib yuborib, ko‘p miqdordagi mulklarni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilgan.
Shunga ko‘ra, joriy yilning 22 oktyabr kuni Sh.Yusupov O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Bundan tashqari, gumonlanuvchi Sh.Yusupov muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun 2014 yil 15 yanvarda JIB Namangan viloyati sudining hukmiga asosan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi, 210-moddasi 3-qismi “b” bandi va boshqa moddalar bilan aybli deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Qayd etilgan jinoyat ishining tergovi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, tergovni hududiyligiga ko‘ra, Namangan viloyati prokuraturasiga o‘tkazilishiga zaruriyat aniqlanmagan.