Bosh prokuror o‘rinbosari sayyor qabul o‘tkazmoqda: fuqarolarga 16 ta nogironlik aravachasi va 3 ta eshitish moslamasi berildi

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori o‘rinbosari Akmalxo‘ja Mavlonov sayyor qabul o‘tkazmoqda.

Jomboy, Oqdaryo, Payariq, Bulung‘ur, Tayloq, Urgut, Samarqand tumani va Samarqand shahri fuqarolarining ijtimoiy-iqtisodiy, ichki ishlar, sudlar, qishloq xo‘jaligi, soliq, bojxona va boshqa masalalarga oid murojaatlariga yechim izlandi.

- Mahallamizda bolalar bog‘chasi qurishda yordam so‘rab bir nechta tashkilotlarga murojaat qildim, - deydi Urgut tumani Navro‘z mahallasida yashovchi Fazilat Aliqulova. – Davlat sherikchiligi asosida 130 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi qurish uchun tomorqamizdan 28 sotix yer ham ajratdim, ammo mablag‘ olish masalasida 2017 yildan buyon qiynalib kelardim. Bosh prokuror o‘rinbosarining qabuliga shu masalada yordam so‘rab kelgandim “Mikrokreditbank” viloyat filiali tez orada bolalar bog‘chasi qurish uchun 1 milliard 200 million so‘m imtiyozli kredit ajratadigan bo‘ldi. 

Shuningdek, qabul davomida murojaat qilgan fuqarolarga 16 ta nogironlik aravachasi va 3 ta eshitish moslamasi berildi. 

O‘.XUDOYBERDIYEV.