Bosh qomusimiz xalqaro standartlarga mos keladigan huquqiy hujjat

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 6 apreldagi "O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida"gi hamda 2017 yil 31 maydagi "O‘zbekiston Respublikasi Kons­titutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida (80, 93, 108 va 109-moddalari­ga)"gi qonunlari bilan Konstitu­siyamizning sud qonunchiligi bilan bog‘liq bir necha moddalariga o‘zgartishlar kiritildi. Jumladan, Oliy xo‘jalik sudi va Oliy sud fuqarolik, jinoyat, ma’muriy va iqtisodiy sud tizimida yagona oliy sud hokimiyati organiO‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud kengashi tashkil etildi.

Sohada yuz bergan bu yangilanish sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etib, yagona sud amaliyotini shakllantirdi. Ya’ni, mazkur tuzatishlarga muvofiq, sud tizimida iqtisodiy va ma’muriy sudlar tuzildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtisodiy, ma’muriy sudlari hamda tuman, shahar iqtisodiy, ma’muriy sudlari tashkil etildi. Bu esa tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini ishonchli himoya qilishda qulaylik yaratdi.

Mahallama’naviyat o‘chog‘i. Bu tuzilma milliy va umuminsoniy qadriyatlarni o‘ziga singdirgan o‘zini o‘zi boshqarishning chinakam xalqona instituti sifatida xalqqa eng yaqin bo‘lgan fuqarolik jamiyatining millatimizga xos noyob tizimidir.

Shu jihatdan fuqarolar yig‘inlarining mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni beqiyos. Mustaqillik yillarida davlatchiligimiz tarixida ilk bor fuqarolar yig‘inlarining maqomi O‘z­bekiston Respublikasi Kons­titutsiyasi­ning 105-moddasida hududiy o‘zi­ni o‘zi boshqarish birliklari sifatida mustahkamlab qo‘yildi.

Ushbu noyob institut faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida 2018 yil 15 oktyabrda "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida" va "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonunlar qabul qilindi.

"Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida"gi qonun bilan mahalla hayotidagi muhim siyosiy jarayonga o‘zgartirishlar kiritildi. Amaldagi qonunda fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati ikki yarim yil etib belgilangani saylovlarning har safar bir mavsumda o‘tkazish imkonini bermayotgandi. Bu masalada yaxlit sananing yo‘qligi xalqaro tajribaga ham mos emas edi.

Endilikda oqsoqollarning vakolat muddati uch yil qilib o‘zgartirildi. Shu munosabat bilan fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddatini Konstitutsiyadan chiqarib tashlash maqsadga muvofiq, deb topildi va 105-moddaning 1-bandi "Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular raisni (oqsoqolni) saylaydi.", deya o‘zgartirildi. Bu holat kelajakda fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddatini Konstitutsiya normalarini o‘zgartirmasdan yana uzaytirish imkonini beradi.

Xullas, buyuk kelajakni ko‘zlagan ulug‘ elning xalqchil qomusiKonstitutsiyamizda belgilab berilgan me’yorlarni o‘zimiz uchun dasturilamal qilsak, faoliyatimizda qo‘llab, unga rioya etsak, yanada ulkan maqsadlarga erishamiz.

Akram XALILOV,

viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i.