Bosh suyagidagi pichoq bilan to‘rt yil
30 yoshli xitoylik Li Fuyan qattiq bosh og‘rig‘i, og‘izdagi yomon hid va nafas olish qiyinlashishidan shikoyat qilib shifokorlarga murojaat qildi. Kasallikning sababi bemorning bosh suyagida 4 yil davomida turgan 10 santimetrlik pichoq ekanligini aniqlagan shifokorlar hayratda qolishdi.
Li xotirjamgina to‘rt yil oldin bir guruh bezorilar o‘g‘irlik qilishga urinish paytida hujumga uchraganligi, ehtimol, o‘shanda 10 santimetrlik pichoq uning bosh suyagiga kirganbo‘lishi mumkinligini aytgan.
Pichoq pastki jag‘ ostidan kirib, mo‘’jizaviy tarzda uyqu arteriyasiga tegmasdan, qiya o‘tib ketgan ekan. Shu vaqt davomida bemor boshining ichida pichoq olib yurganini bilmagan. Oxirgi to‘rt yil davomida Li uni muntazam ravishda qiynagan dahshatli bosh og‘riqlarini yengish uchun o‘ziga og‘riq qoldiruvchi vositalarni ukol qilib kelgan.
Erkak Xitoy janubidagi Yunnan provinsiyasi Yuysi shahri xalq kasalxonasida muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Shifoxona veb-saytida rentgen tasvirlari e’lon qilinganidan so‘ng bu ish Xitoy ommaviy axborot vositalari va internetda keng yoritildi.
Olib tashlangan 10 santimetrlik pichoq kuchli korroziyaga uchragan ekan. Shifokorlar bu hodisani “haqiqiy mo‘’jiza” deb atashdi. “Pichoqning muhim hayotiy tomirlarga tegmasdan o‘tgani, begona jismning inson tanasida uzoq vaqt davomida qimirlamay turgani o‘ta hayratlanarli”, ta’kidlaydi ular.
Jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilishidan oldin dastlabki tekshiruv paytida shifokorlar Lining og‘iz bo‘shlig‘ini sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirgan edi, biroq uning og‘zida hech qanday chandiq, yaralar yoki pichoq izlari kuzatilmagan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.