Bosh vazir Abdulla Aripov va Jahongir Ortiqxo‘jayev imzosini qalbakilashtirganlarga sud hukmi o‘qildi
2019 yil 23 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida bir guruh shaxslarga nisbatan ayblov hukmi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi.
Sudlanuvchilar bir necha epizodlarda firibgarlik, pora berishga qasd qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish kabi jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topildi.
Ayblovlarning qisqa bayoni shuki, sudlanuvchilar o‘zaro uyushgan holda go‘yoki hokimlikda yuqori mansablarda ishlaydigan tanish shaxslar orqali Toshkent shahrining Chilonzor va Yashnobod tumanilaridan bir gektardan ko‘proq yer maydoni ajratib berishni va’da qilib, tadbirkorlik sub’yektlarining bir million ikki yuz ming AQSh dollarini firibgarlik bilan qo‘lga kiritishmoqchi bo‘lgan. Bu jarayonda ular go‘yoki «kerakli harakatlarni amalga oshirayotgani», shu bilan birga, tadbirkorlik sub’yektlarida shubha uyg‘otmaslik va ularni ishontirish maqsadida Toshkent shahar hokimligi mansabdor shaxslari imzolari qalbakilashtirilgan hujjatlar, shuningdek, Bosh vazir rahbarligida majlis o‘tkazilganligi haqida soxta bayonnoma tayyorlab, ularga taqdim etgan. Va shu orqali yarim million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ni firibgarlik bilan qo‘lga kiritishgan.
Sud yakuniga ko‘ra sudlanuvchilar — T. Javdatxo‘jayev (1995 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, bo‘ydoq, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlanmagan) va K. Axmedovga (1988 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, ikki nafar farzandi bor, Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimligi qurilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan, muqaddam sudlanmagan) 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilandi.
Shuningdek, A. Abdukarimovga (1995 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, oilali, bir nafar farzandi bor, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlanmagan) eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan bo‘lsa, S. Tuxtayev (1987 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, ikki nafar farzandi bor, Toshkent shahar Chilonzor tumani qurilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan, muqaddam sudlanmagan) ham ayni shunday jazoga mustahiq etildi, faqat unga nisbatan qo‘shimcha jazo chorasi qo‘llanib, bir yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qildi.
Yana bir sudlanuvchi M. Radjapovga (1979 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, «Murodi» MChJda yurist, muqaddam sudlanmagan) jinoyatdagi ishtirokidan kelib chiqib, jarima jazosi tayinlandi.
Qayd etish kerakki, mazkur hukm qonuniy kuchga kirgani yo‘q.
Hozirgi kunda T. Javdatxo‘jayev, K. Axmedov, A. Abdukarimov va M. Radjapovlar tomonidan hukmga nisbatan apellatsiya shikoyati berilgan.
Ularning shikoyati jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyasiya instansiyasida 2019 yil 5 dekabr kuni ko‘rib chiqilishi belgilangan.