Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov: Ko‘hna kentda yirik bunyodkorlik amalga oshiriladi
Prezidentimiz 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatida bo‘lib, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab berdi. Shuningdek, viloyatning har bir shahar va tumanida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlarni tahlil etish, bu haqda xalqqa murojaat qilish, muammoli masalalarga yechim topish maqsadida vazirlik va davlat qo‘mitalari rahbarlari o‘n kun viloyatda ish olib borishlari zarurligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, uy-joy va kommunal xo‘jaligi masalalari kompleksi tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar rahbarlari ayni kunlarda tuman va shaharlarda bo‘lib, yil davomida amalga oshiriladigan ishlarni tahlil qilmoqda.
Bugun bu haqda samarqandliklarga murojaat qilib aytmoqchimanki, kompleksimiz tarkibidagi vazirlik va idoralar tomonidan bevosita odamlar kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadigan, aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladigan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, aholini uy-joy bilan ta’minlash, qishloq va mahallalar hududlarini obodonlashtirish, yo‘llarni qurish va ta’mirlash, ichimlik va oqova suv ta’minotini yaxshilash, transport xizmatlarini rivojlantirish, ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, barcha ob’yektlarda qurilish sifatini nazorat qilish, chiqindilarni olib chiqib ketish va qayta ishlash kabi muhim tadbirlar bizning zimmamizga yuklatilgan.
Shulardan kelib chiqib, avvalo, viloyatning har bir shahar va tumanida mahallalar kesimida mavjud muammolarni o‘rganib chiqdik va amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni belgilab oldik.
Tashrif davomida qayd etilganidek, shu yilning o‘zida viloyatda 6 ming 654 xonadonli 150 dan ortiq ko‘p qavatli uy-joy qurilib, foydalanishga topshiriladi. Masalan, davlat ipoteka dasturi doirasida 3 ming 444 ta xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar, shuningdek, Past Darg‘om, Urgut, Paxtachi, Oqdaryo va Bulung‘ur tumanlarida ipoteka kredit berish tizimi asosida 500 ta yakka tartibda uy-joy quriladi. Tadbirkorlar tomonidan 2 ming 710 ta xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar bunyod etiladi.
O‘n kun davomida Samarqand shahrining Qorasuv, Shirin va vokzalorti hududlarida zamonaviy turar joy majmualari barpo etish bo‘yicha loyiha hujjatlari barcha vazirliklar mas’ullari va mutaxassislar bilan joyiga borib, o‘rgangan holda ishlab chiqiladi. Shundan so‘ng bu ishlarga jadal kirishiladi. Ya’ni, vokzalorti hududida kelgusi yildan boshlab, bosqichma-bosqich 3 mingga yaqin eski, bir qavatli uylar o‘rnida 28 ming 500 xonadonli 474 ta ko‘p qavatli uy qurilishi boshlanadi. Ammo yil yakunigacha Qorasuv massivida 3 ming 500 ta xonadonli 29 ta 16 va 25 qavatli uylar qurilishi tashkil etiladi.
915 ta qishloq va mahallaning arxitektura qiyofasini yangilash va hududlarini obodonlashtirish bo‘yicha jami 1 trillion 805 milliard so‘mlik ishlar bajariladi. 692 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 856 ta mahalla va qishloqning 1 ming 188 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinadi va ta’mirlanadi. Bu 2020 yilga nisbatan 2 barobar ko‘pdir. 280 kilometr tuproq yo‘llarga shag‘al yotqiziladi, 760 kilometr yo‘llar asfalt-beton qoplamali yo‘llarga o‘tkaziladi.
E’tiborlisi, yil davomida 35 ta ko‘prik qayta quriladi va ta’mirlanadi. Xususan, Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida yangi tonnel, M-39 avtomagistralidagi (Eshkak eshish kanali oldida) monolit usulidagi yangi yo‘l o‘tkazgich, Zarafshon daryosi ustida Samarqand shahrining Shirin massivi bilan bog‘lovchi yangi ko‘prik quriladi va Bo‘stansaroy ko‘chasida Siyob kanali ustidan o‘tgan ko‘prik rekonstruksiya qilinadi.
Darvoqe, shuni va’da o‘rnida aytmoqchiman: shu yilning oktyabr oyi o‘rtalarigacha samarqandliklarning minglab e’tirozlariga sabab bo‘lgan, jaydari aytganda ensasini qotirgan Rudakiy ko‘chasi to‘liq, kommunikatsiya tarmoqlarida hech qanday muammosi bo‘lmagan tarzda foydalanishga topshiriladi. Bu paytgacha ko‘priklar quriladi, yo‘llar kengaytirilib, asfaltlanadi va albatta “Siyob – Temiryo‘l” tramvay yo‘nalishi qatnovi qayta tiklanadi.
Joriy yilda 210 ta mahalla va qishloqlarda respublika byudjetidan ajratilgan 269 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 658 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortiladi va 91 ta suv inshootlari quriladi. Natijada 214 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 270 ming nafar aholi yoki 57 ming oilaning ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi hamda ta’minlanish darajasi 58 foizdan 63 foizga yetkaziladi.
Investitsiya dasturiga kiritilgan 130 ta ob’yektda respublika byudjetidan ajratiladigan 1,5 trillion so‘mlik mablag‘lar hisobiga qurilish-ta’mirlash ishlarining sifatli va o‘z muddatida bajarilishi ta’minlanadi.
Transport qatnovi bormagan 61 ta mahallaga to‘liq transport harakatlanishi yo‘lga qo‘yiladi, 11 ta yangi ichki avtobus yo‘nalishlari ochiladi va 366 ta yangi avtobus va mikroavtobus olib kelinib, yo‘nalishlarga qo‘yiladi.
Umuman olganda, kompleksimiz tarkibidagi vazirlik va tashkilotlar tomonidan joriy yil yakuniga qadar viloyatda 18 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilib, ishsiz aholining bandligi ta’minlanadi.
Prezidentimiz viloyat faollari yig‘ilishida “Bosh maqsadimiz odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘lishi kerak”, deb alohida ta’kidladi. Bugungi kunda biz viloyatdagi qurilish ishlari hajmi, shaharlar, tuman markazlari hamda qishloq joylarida namunaviy loyihalar asosida ko‘p qavatli arzon uy-joylar qurish, kommunal soha – ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotidagi kamchiliklarni bartaraf etish, yo‘llar qurilishi, transport xizmati, qo‘yingki barchasini sifatli amalga oshirishni oldimizga maqsad qilganmiz. Nasib bo‘lsa, yil yakunigacha viloyatda, ayniqsa, Samarqand shahrida ulkan bunyodkorlik o‘z aksini topadi. Bundan esa aholi bahramand bo‘ladi, yaxshi yashash uchun sharoitlar, qulayliklar, imkoniyatlar yaratiladi.