Boshqarma boshlig‘i o‘quvchilar bilan birga 5 kilometr yo‘l bosib maktabga keldi

  Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva ikki kundirki viloyatning olis Qo‘shrabot tumanidagi maktablar va pedagoglar faoliyat bilan tanishmoqda.

  Kecha boshqarma boshlig‘i bir qator maktablarda bo‘lib bitiruvchilar bilan suhbatlashdi, ularning orzu-niyatlarini eshitdi. Erta-indin maktabni bitiradigan yigit-qizlarning oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishga tayyorgarligi bilan qiziqib, zarur tavsiya va maslahatlarini berdi. Shuningdek, maktablar moddiy-texnika bazasi, pedagoglar mahorati, kadrlar ta’minotiga e’tibor qaratildi.

  Bugungi kunda tumandagi umumta’lim maktablarida qariyb 100 nafar, asosan, ona tili va adabiyot, chet tili, biologiya, texnologiya, aniq fanlar bo‘yicha kadrlarga ehtiyoj bor. Prezidentimizning “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, boshqa viloyat va tumanlardan Qo‘shrabotdagi maktablarda ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qituvchilar ishga jalb qilinmoqda. Boshqarma boshlig‘i Toshkent va Navoiy viloyatlaridan kelgan 15 nafar malakali o‘qituvchilarning faoliyati, ularning yashash sharoiti bilan tanishdi. Ularga minnatdorlik bildirdi.

  Bugun boshqarma boshlig‘i tumanning Qaynar qishlog‘idan 62-maktabgacha 5 kilometr yo‘l bosib keladigan o‘quvchilarga hamroh bo‘ldi. Qishloqning 52 nafar o‘quvchisi shu masofani piyoda bosib, maktabga keladi. Z.Shodiyeva yo‘l davomida o‘quvchilar bilan maktabdagi ta’lim jarayonlari, dars sifati, o‘qituvchi mahorati va o‘quvchilarning fanlarga qiziqishi haqida suhbatlashib keldi.

  Z.Shodiyeva o‘quvchilar bilan maktabga piyoda kirib kelgach, 62-maktabdagi dars jarayonlarini kuzatdi. Ta’lim muassasasidagi muammo va kamchiliklar maktab jamoasi va tuman mutasaddilari bilan birga muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.