Bo‘ston qachon o‘z nomiga munosib bo‘ladi?

Narpay tumanidagi ushbu qishloqda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari bo‘yicha bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilyapti.

Yil boshida viloyatimizdagi to‘rt sektordan eng og‘ir sharoitdagi bittadan mahalla tanlab olinib, yo‘l xaritalari ishlab chiqildi. Bugungi kunda bu mahallalarda dastlabki yumushlar boshlanib ketdi. Birinchi sektorga qarashli Narpay tumanining olis Bo‘ston mahallasi ana shunday sharoiti og‘or hududlardan hisoblanadi. Mahallada 546 xonadon mavjud. Shundan 28 ta sharoiti og‘ir, nogironligi bor, boquvchisi yo‘q xonadonlar aniqlangan va tegishli mas’ullar biriktirilib, ko‘mak ko‘rsatish choralari belgilangan.

Klaster yangi maktab qurmoqchi

- Mahallamiz Bo‘ston va Qo‘shtepa qishloqlaridan iborat, - deydi Narpay tumani hokimining o‘rinbosari Dostonbek Ziyadullayev. – Dastur doirasida mahallada infratuzilmani rivojlantirish uchun viloyatdan 23 ta, tumandan 45 ta tashkilot biriktirilgan. Qo‘shtepa qishlog‘ida 120 o‘rinli 58-umumta’lim maktabida qariyb 300 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Dastur doirasida “Maroqand sifat” klaster korxonasi ushbu qishloqda 300 o‘rinli yangi maktab qurishni rejalashtirmoqda. Yangi maktab foydalanishga topshirilgandan so‘ng, eski maktab binosi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga moslashtiriladi. Shu qishloqdagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaning “Oybek” filialini ham mukammal ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Hududdagi viloyat ahamiyatidagi 4k557 va 4k557b yo‘lining 8 kilometr qismini, 5 kilometr ichki yo‘llarini asfalt qilish rejalashtirilgan. Ish boshlangandan buyon ikkita qishloqda qariyb 8 kilometr ichki yo‘l shag‘allashtirildi va ishlar davom etmoqda. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan kelishib, ushbu mahallaga quvvati 250 kVtli 2 ta transformator, past kuchlanishli tarmoqqa 120 dona tayanch ustun va yuqori kuchlanishli tarmoqqa 24 dona tayanch ustun o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Bu yerdagi yerosti ichimlik suvi aholi iste’moli uchun yaroqsiz hisoblanadi va sanitariya qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Yuqori hududdagi tabiiy buloq suvini jamlab boshqa mahallalar qatorida Bo‘ston qishlog‘iga ham quvurlar keltirilgan va soatbay toza suv beriladi. Qo‘shtepa qishlog‘iga tarmoq tortilmagani uchun bu yerga mashinada toza suv keltiriladi. Endilikda shu buloqni ta’mirlab, 15 kilometr tarmoq tortish rejalashtirilgan. Mahallada tabiiy gaz yo‘q va bu masalada aholini suyultirilgan gaz ballon bilan ta’minlash uchun xonadonlar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Yangi uylar qurilib aholi ko‘paymokda. Xatlovda aniqlanishicha, qo‘shimcha 270 dona maishiy gaz balloniga ehtiyoj sezilmokda.

Respublikadan qo‘shimcha 1 milliard so‘m ajratiladi

- Dastur doirasida respublika byudjetidan qo‘shimcha 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda, - deydi Bo‘ston mahallasi raisi Feruza Qarshiyeva. - Bu mablag‘ yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, ijtimoiy masalalarni yechish va aholiga qulay turmush sharoiti yaratishga sarflanadi.

Bo‘ston mahallasi Prezidentimizning 2023 yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tumandagi 7 ta, viloyatda 101 ta og‘ir mahalla toifasiga kiritilgan. Bu kabi og‘ir hududlarda birinchi navbatda aholini kambag‘allikdan chiqarish belgilangan. Bunda, albatta, tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish va daromad olishni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratiladi. Dastur asosida Bo‘ston qishlog‘iga 60 ta, Qo‘shtepa qishlog‘iga 40 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatiladi, 2 kilometr piyodalar yo‘lakchasi tashkil etiladi. Bo‘ston qishlog‘idagi “Cho‘ponota” qabristonidagi ayvonni ta’mirlash va tom qismini shiferlash, qabristonda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini olib borish rejalashtirilgan.

Aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi

Qishloqda yashovchilarning aksariyati sog‘lig‘ida muammo sezilganda uy sharoitida davolanishni ma’qul ko‘radi. Qachonki jiddiy sabab bo‘lib yoki kasallik kuchayib ketmasa shaharga borib, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va tekshiruvdan o‘tishga urinmaydi. Malakali tibbiyot xodimlarining o‘zlari mahallaga kelib aholini tekshiruvdan o‘tkazishi bo‘stonliklar uchun ayni muddao bo‘ldi.

Bo‘ston va Yangiariq mahallasining bir qismi, ya’ni 5043 nafar aholisiga ko‘p tarmoqli poliklinikaning “Oybek” filiali tibbiy xizmat ko‘rsatadi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshligi G‘ayrat Toshpo‘latov. – Bu yer tarqoq zona bo‘lgani uchun qo‘shimcha tibbiy konteyner ham o‘rnatilgan. Bo‘ston mahalla binosi yonida o‘rnatilgan konteynerda uch nafar hamshira aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Bu aholining statsionar  tibbiy xizmat uchun uch-to‘rt kilometr masofaga qatnashining oldini oladi. Dastur doirasida mahalla aholisi to‘liq tibbiy xatlovdan o‘tkazilmoqda. Xatlovda aholini to‘rt guruhga bo‘lib, tibbiy xizmatning keyingi bosqichlari aniqlanadi va birinchi chorakning o‘zida to‘liq ko‘rikdan o‘tkaziladi. Dastur doirasida “Oybek” filialimiz mukammal ta’mirlanadi va kompyuterlashtirish uchun 1 milliard 300 million so‘m mablag‘ ajratiladi.

Tomorqadan daromad olish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi

Dasturning asosiy maqsadlaridan biri aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirishdir.

- Mahallada 546 xonadon, 654 oila, 2505 nafar aholi istiqomat qiladi, - deydi Bo‘ston mahallasidagi hokim yordamchisi Nurali Tog‘ayev. – 131 ta kambag‘al oila va 140 nafar ishsiz fuqaro ro‘yxatga olingan, ishsizlik darajasi 20 foizni tashkil qiladi. Mahallamizdagi 10 ta kambag‘al oilaning xonadoni “Optima agro” klaster fermer xo‘jaligi tomonidan ta’mirlanadi, shundan 4 tasi yangidan quriladi. Aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun mahalla drayveri sifatida chorvachilikni rivojlantirish, “Mikrokreditbank”ning ko‘magida qo‘shimcha drayver sifatida bog‘dorchilik, uzumchilik yo‘nalishini rivojlantirish choralari ko‘rilyapti. Shu bois, mahalladagi xonadonlarda to‘liq uzum ko‘chatlarini ekish rejalashtirildi. Bir sotix maydonga talab etiladigan ko‘chat, serhosil navlar, undan olinadigan hosil va daromad hisoblanib, aholiga tushuntirildi. Mutaxassislar kelib o‘rganib, uzumning “Qora kishmish”, “Toifi” navlarini tavsiya etdi va ko‘chat yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Qo‘shtepa qishlog‘ida aholi tasarrufida o‘rtacha 20 sotixdan, Bo‘ston qishlog‘ida o‘rtacha 8-10 sotixdan tomorqa maydoni bor, ammo sug‘orish muammosi tufayli yerdan fodalanish imkoniyati past edi. Hozirda Qo‘shtepa qishlog‘iga tomorqa uchun suv keladi, Bo‘ston qishlog‘ida esa tomorqani sug‘orishning imkoni yo‘q. Shuning uchun bitta nasos o‘rnatish va klaster korxonasining nasosidan foydalangan holda suv yetkazib berish orqali tomorqa dehqonchiligini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Yana yaqin kunlarda ishga tushadigan “NARPAYTEX” korxonasiga 100 nafar xotin-qiz ishga joylashtiriladi. Shuningdek, kooperatsiya tashkil qilinib, subsidiya asosida 12 ta tikuv mashinasi yetkazib berilib, lider tadbirkorga biriktirildi va mart oyidan kasanachilik shaklida ishga tushiriladi.

Hozirda mahallamizda xorijga ishlashga ketgan 32 nafar fuqaro bor. Ular bilan bog‘lanib, qishloqqa qaytarish va ishga joylashtirish choralari ko‘rilyapti. Mahalladagi eng nochor 28 oila tijorat banklariga biriktirilib, ularning har biriga imtiyozli shartlar asosida 100 boshdan tovuq berish rejasi ishlab chiqildi.                

Mahalla idorasi turarjoy binosida

Chekka mahallaga berilayotgan e’tibor, yangi va zamonaviy binolar qurilayotgani aholi kayfiyatiga ham ta’sir qilmoqda.

- Mahallamiz 2830 gektar maydonda joylashgan, - deydi Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Feruza Qarshiyeva. – Dasht hududda tarqoq holda joylashganligimiz uchun aholimiz yerdan katta daromad olmaydi, shu bois oilalarning asosiy e’tibori chorvachilikka qaratilgan. Ayollarning aksariyati ishsiz, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanadi. Qishloq joyda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, daromad manbaini yaratish katta muammo hisoblanadi. Shu bois, mahallamizdagi xotin-qizlardan ishlash istagi borlari tikuvchilikka o‘rgatilyapti.   

Bo‘ston mahalla idorasi o‘tgan asrning 80-yillarida turarjoy binosi sifatida qurilgan. Dastur doirasida yangi mahalla binosi qurish ham rejalashtirilgan. Shu paytgacha faollar bilan uchrashuv yoki biror yig‘ilish o‘tkazish zarurati bo‘lsa, maktabdagi birorta bo‘sh xonani tanlardik. Yangi mahalla idorasida alohida faollar zali va barcha qulaylik mavjud bo‘ladi. Bo‘ston qishlog‘idagi 180 o‘rinli 26-maktabni ham joriy ta’mirlash va jihozlarini yangilash ko‘zda tutilgan.

Qishloqda hech qanday muammo qolmasligini tasavvur ham qilolmasdim

Qishloq aholisi boshlanayotgan ishlardan xursand, mahalladagi katta hasharga hissa qo‘shish uchun ko‘chalarga chiqqan ekan. Biz borganimizda ichki ariqlarni kovlash va ichki yo‘llarga tosh to‘kish ishlari davom etayotgandi.

- Qishloqda yashab bir vaqtning o‘zida ravon yo‘l, toza ichimlik suvi, bepul tibbiy ko‘rik, elektr energiyasida muammolar bo‘lmasligini tasavvur ham qololmasdim, - deydi Qo‘shtepa qishlog‘i oqsoqoli Abdusalom G‘ulomov. – Qishlog‘imiz 1970 yillarda tashkil qilindi, 1991 yilga kelib ko‘chalar shakllandi. O‘shanda bir nechta uy bo‘lgan bo‘lsa, hozir qishloqda 275 ta xonadon, 1400 aholi bor. Hozir qishloqda 17 ta ichki ko‘cha bor va yil boshidan buyon shu ko‘chalarga 470 mashina qizil qum to‘shaldi. Bu shag‘aldan mustahkam va biz uchun arzon. Chunki mahallaga yaqin joydan olinadi. Elektr tarmoqlari uchun 80 ta beton ustun o‘rnatildi, yopiq kabellar  tortildi, 1 ta 250 kVtlik yangi transformator qo‘yildi. Xonadonlar o‘rganilib, ehtiyoji bor oilalarga gaz ballon berish choralari ko‘rilyapti. Mahallamizda yoshlar asosan ustachilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Hozirgi katta hashar asnosida shu yerda ishlash istagi borlarga ma’qul keladigan ishlar, chorrvachilikni rivojlantirish istagidagilarga esa kreditlar taklif qilinyapti. Albatta, bu ham bir imkoniyat, davlatning ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi.

Yurtimizning boshqa hududlari qatori Bo‘stonda boshlangan xayrli ishlar avj pallasiga kirib bormoqda. Bu yerda qisqa muddatda yangi maktab qurilishi, bog‘cha, shifoxonaning zamonaviy holda ta’mirlanishi, tomorqalarga suv kelishi va dehqonchilik madaniyatining ortishi bo‘stonliklar uchun unutilmas voqelik bo‘lib qoladi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.